Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

“O‘g‘irlanayotgan” maqsadli kvota: g‘ozg‘onliklarning “haqi” nega boshqalarga o‘tib ketdi?

27.08.2023 22:02
“O‘g‘irlanayotgan” maqsadli kvota: g‘ozg‘onliklarning “haqi” nega boshqalarga o‘tib ketdi?

Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri uchun Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot institutida 6 ta maqsadli kvota ajratilgandi. Ammo ularning ikkitasini shaharda bir oy ham yashamagan, boshqa hududdan kelgan abituriyentlar “ilib ketib", talaba bo‘ldi. G‘ozg‘onliklar bundan norozi.

Maqsadli qabul nima?

Maqsadli qabul – qaysidir hudud va yo‘nalishlarda kadrlar yetishmovchiligi sabab ajratiladigan kvota hisoblanadi. Misol uchun, Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrida shifokorlar yetishmovchiligi bor. Ana shu yetishmovchilikni to‘ldirish maqsadida tibbiyot yo‘nalishidagi OTMda aynan g‘ozg‘onlik abituriyentlar uchun davlat granti asosida maqsadli kvota ajratiladi.

Maqsadli kvotaga da’vogarlik qilish yoki qilmaslik abituriyentning o‘ziga havola: agar xohlasa, hujjat topshirayotgan paytda maqsadli qabulda ishtirok etmoqchiligini belgilashi kerak bo‘ladi.

Maqsadli kvotaning umumiy kvotadan farqli jihati, unda pastroq ball bilan ham davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoni bor. Ammo keyinchalik talaba ma’lum muddat o‘z hududida ishlab berishi kerak va shundan keyingina diplomini qo‘liga oladi.

Raqobat kamroq, imkon ko‘proq

Maqsadli qabulda ishtirok etgan abituriyentning talaba bo‘lish imkoni umumiy kvotaga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi. Sababi bunda raqobat ancha kam.

Masalan, 2023/2024 o‘quv yilida Samarqand davlat tibbiyot universitetida pediatriya yo‘nalishi bo‘yicha G‘ozg‘on shahri uchun 3 ta maqsadli kvota ajratilgan. Ushbu o‘rinlar uchun 22 nafar abituriyent da’vogarlik qilgan. Bu har bir o‘ringa 7-8 abituriyent raqobatlashdi, degani.

Umumiy kvota bo‘yicha esa Samarqand davlat tibbiyot universitetining pediatriya yo‘nalishiga 92 ta o‘rin uchun (davlat granti 22 ta, to‘lov shartnoma asosida 70 ta) 9 200 nafardan ortiq abituriyent davlat imtihoniga kirgan. Ya’ni 1 o‘rin uchun 100 abituriyent raqobatlashgan.

Nusratova o‘rniga Xayriyev

Maqsadli kvotani “o‘g‘irlash" juda oddiy: abituriyent OTMga hujjat topshirishdan oldin o‘sha hududda doimiy yashash uchun biror xonadonda ro‘yxatdan o‘tadi. Keyin hujjat topshirganida o‘sha manzilni ko‘rsatib, maqsadli qabulda ishtirok etadi.

Mandat natijalariga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot universitetida pediatriya yo‘nalishi bo‘yicha G‘ozg‘on shahri uchun ajratilgan 3 ta maqsadli kvotaning bittasiga 144,8 ball to‘plab Jahongir Xayriyev ega chiqqan hamda davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan. U ushbu ball bilan umumiy kvotada to‘lov shartnoma asosida ham o‘qishga qabul qilinmas edi. Chunki bu yo‘nalishda o‘tish balli davlat granti uchun 161,7 ballni, to‘lov shartnoma bo‘yicha 150,8 ballni tashkil etgan.

Agar maqsadli qabul talablariga rioya qilinsa, bu o‘ringa imtihonda 99,9 ball to‘plagan, G‘ozg‘on shahri, Marmarobod mahallasida yashovchi Ozoda Nusratova ismli qiz talaba sifatida qabul qilinishi kerak edi.

Sababi, Navoiy viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Jahongir Xayriyev G‘ozg‘on shahrida 1 oy ham yashamagan. U joriy yilning 19 iyul kuni shaharning Marmarobod mahallasi, Osiyo ko‘chasi 36-uyga doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan hamda 14 avgust kuni ushbu manzildan ro‘yxatdan chiqarilgan. Kun.uz manbasining aniqlik kiritishicha, Jahongir Xayriyev Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yashab kelgan.

Aslida, Samarqand davlat tibbiyot universitetida Xatirchi tumani uchun ham pediatriya yo‘nalishida 3 ta maqsadli kvota ajratilgan. Unda nega bu abituriyent aynan G‘ozg‘on shahrining maqsadli kvotasiga da’vogar bo‘ldi, degan savol tug‘iladi. Buning javobi oddiy: Xatirchi tumanida aholi va maktab ko‘pligi sababli maqsadli kvotaning o‘zida ham raqobat kuchliroq bo‘ladi. Masalan, G‘ozg‘on shahrida 3 o‘rin uchun 22 abituriyent kurashgan bo‘lsa, Xatirchi tumanida 3 o‘rin uchun 82 abituriyent raqobatlashgan.

Sulaymonova o‘rniga Jalilov

G‘ozg‘on shahriga Buxoro davlat tibbiyot institutida ham davolash ishi yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta maqsadli kvota ajratilgan. Ularning birini 150,7 ball to‘plab Javohir Jalilov egallagan (umumiy kvotada ushbu yo‘nalishga davlat granti asosida o‘tish balli 167,3 bo‘lgan).

Aslida esa bu o‘ringa 114,1 ball to‘plagan asli g‘ozg‘onlik, Guliston mahallasida yashovchi Nurshoda Sulaymonova ismli abituriyent qiz qabul qilinishi kerak edi. Sababi, Navoiy viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining yuqoridagi ma’lumotida keltirilishicha, Javohir Jalilov asli Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidan bo‘lgan. U joriy yilning 18 iyul kuni G‘ozg‘on shahri, Guliston mahallasi Tovoqsoy ko‘chasidagi 86-uyga doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan. Biroq 29 iyul kuni ushbu manzildan ro‘yxatdan chiqib ketgan.

Qizig‘i, aynan ushbu institutda va ayni shu yo‘nalishda Shofirkon tumaniga ham 3 ta maqsadli kvota ajratilgan. Biroq bu Shofikrondan G‘ozg‘on shahri kabi 24 abituriyent emas, 107 abituriyent raqobatlashgan. Agar Javohir Jalilov o‘z hududi, ya’ni Shofirkon tumanidan maqsadli kvotaga da’vogar bo‘lganida to‘plagan 150,7 balli bilan davlat granti asosida talaba bo‘lolmas edi. Chunki bu yerda uchinchi maqsadli kvotaga ega chiqqan abituriyent 165,4 ball to‘plagan.

G‘ozg‘onliklar norozi

Holat yuzasidan bir nechta mas’ul tashkilotlarga murojaat qilingan. Biroq tayinli javob olinmagan. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi agar abituriyentlar G‘ozg‘on shahrida doimiy ro‘yxatda turgan bo‘lsa, ularni maqsadli qabul kvotalari asosida talabalikka tavsiya etmaslikka huquqiy vakolati yo‘qligini bildirgan.

G‘ozg‘onliklar bu holat adolatsizlik ekanligini, shahar uchun ajratilgan maqsadli kvotada shu hudud yoshlari foydalanishi kerakligini ta’kidlashmoqda.

Endi o‘ylab ko‘raylik, g‘ozg‘onliklar hisobiga OTMga kirib olgan shofirkonlik Javohir Jalilov yoki xatirchilik Jahongir Xayriyev o‘qishni bitirgach, G‘ozg‘onga kelib shifokorlik qiladi, deb kim kafolat beradi? Yo‘qolgan mantiqni izlashda davom etamiz.

Ruslan Saburov,

Kun.uz