Respublika "Ingliz tili fan olimpiadasi" g‘oliblari munosib taqdirlanishdi
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlash va yoshlarning ingliz tili savodxonlik darajasini oshirish maqsadida OLIYGOH.UZ ta’lim platformasi va “REGISTON” o‘quv markazi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi, Respublika Yosh olimlar Kengashi hamkorligida Respublika miqyosida 3 bosqichli "Ingliz tili fan olimpiadasi" tashkil etildi. Ushbu olimpiadaga O‘zbekistonning turli viloyatlaridan ilmga chanqoq minglab yoshlar ushbu olimpiadada ishtirok etishdilar.
Olimpiada uchun Respublikamizning turli burchaklaridan jami 17 ming 800 nafar umumta’lim maktab, akademik litsey, professional ta’lim muassasasi o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishdi va g‘oliblik uchun kurashishdi.
Olimpiadaning birinchi iva ikkinchi bosqichlari OLIYGOH.UZ ta’lim platformasida tashkil etildi. Olimpiadaning 1-bosqichi 11-iyul kuni bo‘lib o‘tdi va Respublikamizdan jami 9 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi hamda eng yaxshi nomzodlar keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Olimpiadaning 2-bosqichi 18-iyul kuni Respublikamizning minglab iqtidorli yoshlaridan saralanib olingan 1000 nafar eng yaxshi nomzod qatnashishdi hamda eng kuchlilar final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Olimpiadaning hal qiluvchi 3-bosqichi (final bosqichi) ga eng yaxshi natija ko‘rsatgan 169 nafar (bir yuz oltmish to‘qqiz nafar) ishtirokchi yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi va g‘oliblik uchun kurashishdi.
Olimpiadaning final bosqichi 25-iyul kuni “REGISTON” o‘quv markazining "Registan Academy" va "Registan Chilanzar" filiallarining maxsus imtihonlar bo‘lib o‘tadigan auditoriyasida sinovdan o‘tkazildi. Ishtirokchilar final bosqichida ingliz tili bilish darajasining speaking, writing, reading va listening ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi.
Olimpiada ishtirokchilari final bosqichida Speaking ko‘nikmasini 09:00 dan 13:00 ga qadar imtihondan o‘tkazishdi. Speaking imtihoni Respublikamizning eng nufuzli expert ustozlari va native speakerlari tomonidan o‘tkazildi.
Olimpiadaning asosiy imtihoni 14:00 da boshlandi va 17:00 ga qadar davom etdi. Xolislik va to‘liq shaffoflikni ta’minlash uchun asosiy imtihon videokameralar orqali yozib olindi va Youtube platformasida barcha uchun to‘g‘ridan-tog‘ri onlayn translatsiya qilib borildi.
Ishtirok etgan nomzodlar orasidan eng kuchlilar saralandi, olimpiada natijalari ishtirokchilarga sms xabarnoma tarzida yetkazildi va 27-iyul sanasida eng munosib mutlaq g‘oliblar “REGISTON” o‘quv markazining maxsus tadbirlar bo‘lib o‘tadigan zalida tantanali ravishda taqdirlanishdi.
Ma’lumot uchun, Olimpiada g‘oliblariga maxsus mukofotlar, esdalik sovg‘alar, I,II va III darajali QR-kodli DIPLOMLAR topshirildi.
Olimpiadaning mutlaq g‘olibi etib O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasining Islomshunoslik yo‘nalishi talabasi, Andijon shahrida yashovchi Ozodbek Botiraliev deb topildi. Olimpiada g‘olibiga “REGISTON” o‘quv markazining maxsus sovg‘asi noutbuk kompyuter, 1-darajali QR-kodli diplom, esdalik kitoblar va boshqa sovg‘alar topshirildi
2-o‘ringa Jahon tillari universiteti talabasi, Qo‘qon shahrida yashovchi Vohidjon Juraquziyev munosib deb topildi va sovrindorga Samsung A21 mobil telefoni, 2-darajali QR-kodli diplom, esdalik kitoblar va boshqa sovg‘alar topshirildi.
3-o‘ringa Westminster universiteti talabasi, Toshkent shahrida yashovchi Muhammadjonova Latofat munosib topildi va g‘olibga Xiaomi 9A mobil telefoni, 2-darajali QR-kodli diplom, esdalik kitoblar va boshqa sovg‘alar topshirildi.
Olimpiadada ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Ushbu tashkil etilgan fan olimpiadasi “REGISTON” o‘quv markazi va OLIYGOH.UZ ta’lim platformasi hamkorligidagi tashkil etilgan dastlabgi olimpiadalardan biri bo‘lib, yangi o‘quv yilidan boshlab millionlab yoshlarni qamrab oladigan FAN olimpiadalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Olimpiadada ishtirok etgan barcha ishtirokchilarga, ularning ota-onalariga hamda ular bilan hamroh bo‘lib kelgan barcha yaqinlariga Olimpiadaning tashkiliy qo‘mitasi nomidan minnatdorlik izhor qilamiz.