“Sizning ham davringiz keladi” – adolatga ishonchni yo‘qotmang
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Adolatsizlikni yenggan irodali qiz: Amerikaga olib chiqqan sabr va bilim
Ba’zida hayotda adolatsizlikka uchrash og‘riqli bo‘lishi mumkin, ayniqsa, o‘quvchilik davrida. Ammo bilim, sabr va qat’iyat bilan haqiqatni isbotlash mumkin. Sabina Nabiyeva – shunday insonlardan biri. U bugungi kunda Amerikaning nufuzli universitetlaridan birida grant asosida tahsil olmoqda. Ammo bu yutuq ortida qanday yo‘l yotgani har bir o‘quvchi uchun saboq bo‘lishi mumkin.
Adolatsizlik va umidsizlikka yo‘l qo‘ymaslik
Sabina maktab davrida ko‘p marta olimpiadalardan adolatsizlik sabab mag‘lubiyatga uchragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, har safar muhim lavozimdagi kishining qizi g‘olib bo‘lib ketardi.
"Men har safar yig‘lab qaytardim. Ayniqsa, 9-sinfligimda shunday bo‘lgandi. 1-o‘rinni olgan bo‘lsam ham, bitta qo‘ng‘iroq bilan uni boshqa o‘quvchiga berishgan. Dadam jim bo‘lib qoldilar, lekin men unga “Dada, men hali hammasiga o‘z bilimim bilan erishaman” dedim."
Haqiqiy yutuq: Bilim natija beradi
10-sinfni tugatganidan so‘ng, Sabina IELTS imtihonidan 7.5 ball oldi. Bu natija raqiblarida ham, olimpiada hakamlarida ham yo‘q edi. 2021-yili olimpiada tizimi o‘zgartirilgach, DTM tomonidan testlar joriy etildi va natijalar kompyuter orqali tekshiriladigan bo‘ldi. Endi inson omili aralashmaydi. Shu orqali u haqiqiy natijasini isbotladi va nihoyat, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
"10-sinfgacha meni tuman bosqichidan yiqitishgan edi. 11-sinfda esa Respublika bosqichigacha chiqdim. Tuman bosqichida 34/50 ball berishgan bo‘lsa, Respublika bosqichida 48/50 ball oldim. Bu men uchun g‘alaba edi."
Bugungi kun: Amerikaning eng nufuzli universitetida grant asosida o‘qish
Bugungi kunda Sabina Amerikaning Arizona universitetida grant asosida tahsil olmoqda. U o‘qish va yashash xarajatlari to‘liq qoplangan holda, nufuzli oliygohda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
"Hozir Amerikada turib shu postni yozar ekanman, adilona baholanish nima ekanini chuqur his qilmoqdaman. Yaqinda yozgi ta’til uchun O‘zbekistonga qaytaman. Dadam aeroportda meni kutib olayotganlarida, ularning quvonchini boy otalar sotib ololmaydi."
Kelajakka umid bilan qarash kerak
Sabina o‘z tajribasidan kelib chiqib, har bir adolatsizlikka uchragan o‘quvchiga shunday maslahat beradi:
"Adolat bor. Bilimingiz bir kuni shunday yuzaga chiqadiki, o‘sha sizni yiqitmoqchi bo‘lganlar sizga havas bilan qaraydi. Asosiysi – hech qachon taslim bo‘lmang. Sizning ham davringiz keladi."