Oliy ta’lim tizimida dual ta’lim joriy etiladi

Oliy ta’lim tizimida dual ta’lim joriy etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvarda qabul qilingan “Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Dual ta’lim qanday joriy etiladi?
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim tizimida bosqichma-bosqich dual ta’lim asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi va “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi tashkil etiladi.
Dastlab, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3 va 4-kurs talabalari uchun dual ta’lim tizimi joriy qilinadi. Talabalar amaliy mashg‘ulotlarni korxonalarda o‘tashadi, bu jarayon oliy ta’lim muassasasi va amaliyot rahbari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Dual ta’lim asosida ishlovchi talabalar uchun muhim rag‘batlantirish mexanizmi ham mavjud:
- Talabalarning korxonalarda faoliyat yuritgan davri uchun ish haqining 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Tashkiliy jarayonlar:
- Har yili 1-iyunga qadar dual ta’lim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar ro‘yxati e’lon qilinadi.
- 1-sentabrga qadar talabalarning korxonalarga biriktirilishi bo‘yicha korxona, talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida shartnoma imzolanadi.
- Dual ta’lim tashkil etilgan korxonalarda talabalar uchun shart-sharoitlar doimiy ravishda monitoring qilinadi.
Bundan tashqari, ushbu qaror bilan dual ta’limni tashkil etish tartibi bo‘yicha nizom tasdiqlandi. Ushbu nizom dual ta’lim jarayonini tashkil etish, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni muvofiqlashtirish hamda oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini belgilaydi.