Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Pandemiyadan so‘ng boshlang‘ich sinf bolalarida muloqot qobiliyati pasaydi — tadqiqot natijalari

30-oktabr 03:04
Pandemiyadan so‘ng boshlang‘ich sinf bolalarida muloqot qobiliyati pasaydi — tadqiqot natijalari

COVID-19 pandemiyasidan keyin Angliya boshlang‘ich maktablarida ta’lim olayotgan bolalarda muloqot qobiliyatining keskin pasaygani aniqlandi. Bu vaziyat bolalarning maktabdagi muhitga moslashishi va o‘zini erkin ifoda etishida jiddiy qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda.

Angliya hukumati tomonidan bolalar ta’limi va rivojlanishini nazorat qiluvchi Ofsted tashkilotining so‘nggi hisobotida pandemiya bolalarning nutq, til va muloqot qobiliyatiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi. Hisobotga ko‘ra, boshlang‘ich sinfga kelgan ko‘plab bolalarda muloqot qilish va o‘rtoqlashish qobiliyatlari sezilarli darajada rivojlanmagan. Ular sinfda beriladigan topshiriqlarni bajarishda, o‘qituvchi va tengdoshlari bilan muloqot qilishda qiynalayotgani kuzatilmoqda.

Ofsted tashkiloti bosh inspektori Martin Oliver boshlang‘ich sinflarda erta o‘qitish va matematikani o‘zlashtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlagan holda, ba’zi bolalar hali ham pandemiya davrida yo‘qotgan ko‘nikmalarini tiklash yo‘lida ekanini qayd etdi. Bolalarning darslarni tushunishi va do‘stlashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani sababli, maktablar qo‘shimcha choralar ko‘rishi, maxsus dasturlar va ko‘proq mutaxassis yordamini joriy etishi zarurligi ta’kidlandi.

2023-yil oxirida Angliyadagi 20 ta boshlang‘ich maktabga qilingan tashrif natijalari ham pandemiyaning bolalardagi ta’sirini yoritadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim bolalar pandemiya davrida asosiy bilimlarni o‘zlashtira olmaganligi sababli, hozirda boshlang‘ich o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Tashkilotning so‘nggi tekshiruvlarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida o‘zini namoyon qilish va tinglash ko‘nikmalarining yetishmasligi ham aniqlandi. O‘qituvchilar kasaba uyushmalari pandemiya ta’sirini bartaraf etish uchun ko‘proq moliyaviy resurslar va mutaxassis yordami kerakligini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, pandemiya davrida bolalar o‘yinlari rivojlanish uchun emas, faqat ularni band qilish uchun o‘tkazilgani, bu esa bolalarning fikrlash va muloqot qilish qobiliyatlarini susaytirgani aytilmoqda.