Qishki "perevod" uchun arizalar 10-yanvardan qabul qilinadi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizomga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari talabalari bahorgi semestr uchun o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizalarni har yili 10–20 yanvar kunlari topshirishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, bahorgi semestr oldidan oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddatiga o‘zgartirish kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, ariza topshirish har yili 10 yanvardan 20 yanvargacha (20 yanvar kuni ham) amalga oshiriladi.
Arizalarni quyidagi shakllarda topshirish mumkin:
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy transfer.edu.uz sayti orqali;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn;
- vazir buyrug‘i bilan tashkil etiladigan hududiy ishchi guruhlar orqali ham qabul qilinishi mumkin.
Arizaga quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- reyting daftarchasi, akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxasi;
- o‘qishni ko‘chirish (qayta tiklash) sabablarini tasdiqlovchi hujjatlar.
Shu bilan birga, ayrim cheklovlar ham belgilangan. Xususan, bahorgi semestr oldidan bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga “ko‘chirib tiklash” bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi. Shuningdek, 1-bosqich (1-kurs) 1-semestriga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi (istisno holatlar bundan mustasno).
Qayd etilishicha, o‘qishni ko‘chirishda fanlar farqi 4 tadan oshmasligi, GPA ko‘rsatkichi esa kamida 2,4 bo‘lishi lozim.
Topshirilgan arizalar belgilangan tartibda oliy ta’lim tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar hamda Davlat komissiyasi tomonidan 21 yanvardan 10 fevralgacha (10 fevral kuni ham) ko‘rib chiqiladi. Natijalar ariza beruvchilarga belgilangan tartibda ma’lum qilinadi.