Test vaqtinchalik, hali qabul tizimi o‘zgaradi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Ayni paytda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul davom etmoqda. Abituriyentlar uchun hozir imtihon o‘tkazuvchi vakolatli tashkilot – Davlat test markazining har bir yangiligi muhim. Shu sabab Kun.uz va Xpress.uz nashrlari hamkorlikda Davlat test markazi direktori Majid Karimov bilan intervyu tashkil qildi.
— Majid aka, oxirgi paytlarda jamoatchilikka, OAVga kam ko‘rinish beryapsiz. Buning sababi nima?
—Buning asosiy sababi pandemiya bilan bog‘liq. Yoshim katta bo‘lgani uchun boradigan joylarga o‘ylab boryapman. To‘g‘ri, shunda ham ko‘p joylarga boraman, lekin hammasi grafik bilan.
— Oxirgi paytlarda turli tashkilotlar imtihon o‘tkazib berish vakolatini Davlat test markaziga yuklayapti va «adolatli bo‘lishi uchun testni DTM o‘tkazgani ma’qul» degan ibora ko‘p ishlatilyapti. Buni, sizningcha, test tizimiga ishonch sifatida baholash mumkinmi?
—Hozir faqat tashkilotlarning emas, xalqning ham testga nisbatan fikri o‘zgardi, ozgina bo‘lsa ham ishonch shakllandi. Bundan juda xursandmiz. Ochiqlik 2017 yilning ikkinchi yarmidan boshlangan bo‘lsa, oldinda hali ham qilinadigan ishlar juda ko‘p.
Hozirgi maqsadimiz faqat yozda ma’lum kunlarda emas, bolalarni qiynamasdan ularga qulay bo‘lgan muddatlarda yil davomida imtihon o‘tkazib borish tizimini joriy qilishdan iborat.
Aslida, OTMlarda joylar yetarli bo‘lganda bizga ehtiyoj ham bo‘lmasdi. OTMlar soni, qabul kvotalari kamligi sabab saralash talab qilinadi. Shuning uchun ham hozir imtihonlar shaffof va adolatli bo‘lishi uchun ularni katta sig‘imli binolarda o‘tkazish ma’qul bo‘lyapti. 2016 yil va undan oldingi yillarda esa test imtihonlari 2 mingdan ortiq binolarda o‘tkazilardi.
—DTM odamlar ishonchini nimalar hisobiga qozonyapti deb o‘ylaysiz?
—Birinchidan, testlar katta sig‘imli binolarda o‘tkazila boshlandi.
Ikkinchidan, imtihonlar onlayn translatsiya qilina boshlandi. Oldinlari binolar ko‘pligi hisobiga va internet muammolari tufayli buning imkoni bo‘lmagan. Hozir ixtiyoriy paytda ixtiyoriy guruhni kamera orqali kuzatib turish mumkin bo‘lgan.
Bundan tashqari, abituriyent uchun imtihon payti yaratilayotgan sharoitlar ham yaxshilandi. Sovitish vositalari ishlab turdi, test topshiruvchilar faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan kelsa yetarli.
—Kirish imtihonlarining javoblari DTMdan chiqib ketishi ehtimoli nechaga teng? Buning 1 foiz bo‘lsa ham ehtimoli bormi?
—Yo‘q. Hozir shunday qilinganki, test tuziladigan binoning eshigi hatto menga ham ochilmaydi. Bu binoga faqat maxsus ruxsat berilganlar kira oladi.
—Qabul kvotalari belgilab qo‘yilishi davom etar ekan, Davlat test markazi savollarni oson qilsa ham, qiyin qilsa ham, baribir belgilangan o‘ringa belgilangan odam qabul qilinadi. Bu holatni yo‘qotish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?
—Dastlab, bu muammo haqida prezident bilan ko‘p gaplashganmiz, istiqbolda nimalar bo‘lishini muhokama qilganmiz. Ko‘pchilik bizda o‘qishga kirish qiyin, bitirish oson degan fikrni bildiradi. Men ham oliy ta’limda ishlaganman. Haqiqatan, bizda OTMlarda imkon boricha talabalarni o‘qishni bitirib ketishiga harakat qilishadi. Chet elda unaqa emas. Bizda esa kimdir tanishini ishga soladi, kimdir sharoiti og‘ir ekanini bahona qiladi.
Endi testga kelsak, savollarni murakkab deb aytish to‘g‘ri emas. Savollarni maktab o‘qituvchilari tuzadi va testlar ekspertizadan o‘tkaziladi. Savollar o‘quv dasturi doirasida darsliklardan tuziladi.
Hozirgacha testlar bilan bog‘liq asosiy muammolardan biri darsliklar edi. Chunki ixtisoslashtirib o‘qitiladigan muassasalarda, umumta’lim maktablarida darsliklar har xil edi. Hozir Xalq ta’limi darsliklarni unifikatsiya qilish bo‘yicha ish olib boryapti. Ancha ijobiy o‘zgarish bo‘ldi, lekin bu juda katta jarayon: 2-3 yilga cho‘zilishi mumkin.
Test qiyin deyilishiga yana bir sabab respublikaning turli hududlarida turlicha bilim berilishi bilan bog‘liq. Agar hamma joyda bir xil bilim berilganda attestatlar ham bir xil bo‘lar edi. Lekin, ming afsuski, o‘qituvchilarning tarkibi ham, ularning bilimi ham har xil. Maktab bitiruvchilarining bilimi ham har xil bo‘ladi.
Hozir maktab bitiruvchilari bitiruv imtihoni topshiradi va yana 2 oydan keyin kirish imtihonlarini topshiradi. Takrorning oldini olish uchun hozir unifikatsiya loyihasi yaratilgan. Agar loyiha oxirigacha ishlab chiqilsa va tasdiqlansa, 2023 yildan maktablardan bitiruv imtihonlarini DTM oladi. Ya’ni DTM Xalq ta’limi vazirligi bergan dastur va darsliklar asosida nechta fan bo‘lsa, hammasidan imtihon oladi. Bu attestatga ham tushadi va shu baho kirish imtihonida hisoblanishi mumkin.
—Yilda bir marta katta pavilonlarda olinadigan imtihonlardan voz kechib, yil davomida imtihon olish tizimiga o‘tish rejasi taxminan qachonga to‘la amalga oshib, DTMning yuki yengillashishi mumkin?
—Bu – juda katta ish. Hozirgacha 30dan ortiq test sinovlarini o‘tkazyapmiz. Endi magistratura va o‘qishni ko‘chirish imtihonlarini ham DTM o‘tkazishi belgilandi. Lekin magistratura uchun chet tili imtihonini o‘tkazish bizga topshirilishi vaqtinchalik deb o‘ylayman. Sababi keyingi yildan magistraturaga topshiruvchilardan chet tili sertifikati talab qilina boshlanadi.
O‘qishni ko‘chirayotganlarga ham imtihon shu yildan DTM tomonidan o‘tkaziladi. Ularga bir yil oldingi testlar beriladi. Masalan, bu yil o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlar o‘tgan yili DTM testlarini ishlagan va imtihondan o‘tolmagan bo‘lishi mumkin. Tegishli tashkilotlarning o‘rganishiga ko‘ra, o‘qishni ko‘chiruvchilar, asosan, tibbiyot, yurisprudensiya kabi katta bilim talab qilinadigan yo‘nalishlarga da’vogar bo‘ladi. Shuning uchun ular to‘playdigan ball o‘tgan yilgi o‘tish ballidan kam bo‘lishi kerak emas. Ularga yana bir taklif beriladi: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktda o‘qish imkonini ham berishi mumkin.
Bakalavr imtihoniga kelsak, ularning doim bir paytda – yozda o‘tkazilishining asosiy sabablaridan biri biz test o‘tkazadigan ko‘p binolarning asosiy qismi yozda bo‘sh bo‘ladi. Hozir viloyatlarda keng sig‘imli maxsus binolar qurilyapti. Agar ular bitsa, bir smenada ming kishidan, bir kunda 2 ming kishidan imtihon olish imkoni bo‘ladi. abituriyent esa hali 11-sinfni bitirmasdan turib ham o‘zi xohlagan paytda imtihon topshirishi mumkin. Xohlasa, o‘sha balli bilan o‘qishga kirish uchun tanlovda qatnashishi, xohlamasa, yana bir-ikki oydan so‘ng imtihon topshirishi mumkin.
Bular uchun uzog‘i 3 yil muddat kerak bo‘ladi. Unifikatsiya, milliy sertifikat imtihonlari iziga tushsa, yozda imtihon topshiruvchilar soni keskin kamayib ketadi.
—Magistraturadan chet tili imtihonlari DTMga o‘tkazilgani bilan baribir mutaxassislik imtihonlarini OTMlarning o‘zi oladi. Bu korrupsiya davom etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu holatda korrupsiyani butunlay yo‘qotish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?
—Aslida, magistraturaga kiruvchilarni OTMlarning o‘zi o‘qitadi. Lekin nega OTM talabani o‘zi o‘qitsa ham, ularni mustaqil qabul qilmaydi. Buni ko‘p muhokama qilamiz. Lekin hozircha korrupsiyaga qarshi kurash davom etyapti, OTMlar mustaqilligi tizimi joriy etilyapti. Bularning hammasi iziga tushguncha testdan foydalaniladi. Shuning uchun test vaqtinchalik, deb o‘ylayman.
Testni har bir baholanuvchining bilimini aniqlab berishning eng yaxshi usuli deb ham ayta olmayman. Hozirgi vaqtda test – bizda o‘quvchilarning soni ko‘pligi sababli ularni qisqa vaqtda AKT orqali saralash uchun vosita. Lekin agar vaziyat yaxshi bo‘lib tursa, OTMlarning o‘zi o‘quvchilarning attestatidagi bahosiga qarab abituriyentlarni o‘zlari saralab olishi mumkin bo‘ladi.
—Ayni paytda test tizimi vaqtinchalik bo‘lsa ham, juda ko‘p saralash test orqali amalga oshirilyapti. Test esa monopollashgan. Tasavvur qilaylik, DTMning biror muhim qurilmasi ishlamay qolsa yoki tashkilotda biror muammo bo‘lsa, saralashlar butunlay to‘xtab qolishi mumkin. Shuning uchun ham vakolatni turli tashkilotlar o‘rtasida taqsimlashning iloji yo‘qmi? Aytaylik, xususiy tashkilotlarga imkon berish orqali?
—Bu gap to‘g‘ri, biroq har bir ishning egasi bo‘lishi kerak. Masalan, bizga topshiriq berildimi, biz bu ishni oxirigacha topshirishimiz kerak. Agar ish bir-ikkita tashkilotlar o‘rtasida taqsimlansa, ba’zi muammolar chiqishi mumkin.
Lekin hamma ishni yakka tashkilotga yuklash ham to‘g‘ri emas. Bu sifat tushishiga, xatoliklar yuzaga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Biz ham xususiy yoki xorijiy tashkilotlarning test olishiga qarshi emasmiz. Faqat litsenziya olish va Davlat komissiyasidan ruxsat olish talab etiladi. Buning uchun, menimcha, qarshilik yo‘q.
Hozir ko‘pchilikda majburiy fanlar bloki nega kiritilgani haqida e’tirozlar bo‘lyapti. Bu e’tirozlar alohida iqtidor talab qilinadigan yo‘nalishlarga topshiruvchilarda ham paydo bo‘lmoqda. Lekin ularning ham maktabni bitirgani to‘g‘risida attestati, akademik litseyni tugatganini tasdiqlovchi hujjati bormi, ha, bor. Majburiy blokda tushadigan savollar ham ular o‘qigan dasturlarda bor. Bu savollar 9-sinf o‘quvchilarida sinab ko‘rilgan va o‘quvchilar shu savollarni qisqa muddatda ishlab chiqishgan. Abituriyentlarga esa majburiy blok uchun 1,5 soat vaqt berilyapti.
Alohida iqtidor talab qilinadigan yo‘nalishlarga hujjat topshiradiganlar ham savodli tarzda ariza yoza olishi, xorijga borganda O‘zbekiston tarixini yaxshi bilishini ko‘rsata olishi kerak, deb o‘ylayman.
Majburiy fanlarning qo‘shilishi abituriyentlarning dunyoqarashini kengaytirish uchun ham kerak. Ular faqat mutaxassislikdagi 2ta blok bilan emas, boshqa fanlar bilan ham qiziqib, bilimini oshirishlari ham kerak.
—Yaqinda milliy test tizimi savollari tarqalib ketgani haqida xabarlar chiqdi. Va sizlar savollar haqiqatda DTMniki ekanligini tan oldinglar, ularning qanday tarqalib ketgani haqida ishchi guruh tuzilgani aytildi. Odamlar testdagi korrupsiyadan qutulib, milliy test tizimiga tutildikmi, degan fikrlarni ham bildiryapti. Hozir savollar qanday tarqalgani haqida aniq biror javob ayta olasizmi?
—Biologiyadan test materiallarini solishtirganimizda bizning savollar bilan bir xil ketma-ketlikda ekani aniqlandi. Biroq bizning savollar tayyorlanib, chop etishdan oldin pdf variantga o‘tkaziladi. Agar bizning variant tarqalganda test materiallarida xatoliklar bo‘lmasdi. Bundan tashqari, savollarda chizmalar, rasmlar tushib qolmasdi. Bu narsa savollar DTMdan chiqmaganini ko‘rsatadi.
Jarayonda faqat DTM qatnashmaydi. Savollar tuzilib, chop etilib, qoplarga solinadi. Bu ishlarni qiladigan hamma nazoratda bo‘ladi. OAVga milliy test tizimi savollari tarqalgani haqidagi ma’lumotlar sizib chiqishidan oldinroq bizga signallar kelgan va tekshirish boshlangan. Testlar DTMdan chiqib ketish ehtimoli o‘rganib chiqilgan, kameralar ko‘rib chiqildi.
Biz hozir tegishli organlarga test materiallari qanday qilib tarqalganini o‘rganishni aniqlash uchun murojaat qilganmiz. Test qanday tarqalganini aniqlash bizga ham muhim, sababi oldimizda katta test turibdi. Uni o‘ylab o‘tkazishimiz kerak.
Testlar marshrutda bo‘lganida ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminimiz ham bor. Lekin savollardan nusxa olinmagan, faqat undagi ma’lumotlar olingan. Bu – faqat mening taxminim. Hozir holat o‘rganilyapti va tegishli huquqiy baho beriladi.
Hozir vaqtimiz bor. Sababi savollar 20 ish kunida tekshirilishi kerak. Hozir test topshirganlarning javoblari ham tekshirilyapti. Tekshirilgandan so‘ng 2 xil metod bo‘yicha o‘rganilib, tahlil qilinadi. Test natijasi chiqqandan so‘ng ham, o‘rganib chiqib Davlat komissiyasiga ko‘rsatamiz va huquq-tartibot organlarining xulosalarini olib, keyin natijalar e’lon qilinadi.
Ilyos Safarov, Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.