Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Free Mover talabalar almashinuvi dasturi – xorijda 1 semestr yoki 1 yil oʻqish

14.08.2021 10:58
Free Mover talabalar almashinuvi dasturi – xorijda 1 semestr yoki 1 yil oʻqish

Rasmiy havola:

wearefreemovers.com

Free Mover talabalar almashinuvi dasturi – xorijda 1 semestr yoki 1 yil oʻqish

Bu qanday dastur?
Dastur talabalarga oʻzlari tahsil olayotgan oliygoh va xorijiy oliygohlar oʻrtasida talaba almashinuvi kelishuvi boʻlmagan hollarda ham 1 semestr yoki 1 yil davomida xorijiy oliygohda oʻqish imkoniyatini beradi.

Istalgan universitetda Free Mover sifatida oʻqish mumkinmi?
Yoʻq. Bir qancha davlatlarda Free Moverʼlarni qabul qiluvchi universitetlar mavjud. Aynan oʻsha oliygohlarda 1 semestr/1 yil davomida oʻqishingiz mumkin.

Dasturga qanday qatnashsam boʻladi?
Free Mover sifatida xorijiy oliygohda oʻqishga ketish jarayoni quyidagicha:

1-qadam. Universitetlar roʻyxatidan oʻzingizga mos universitetni tanlang. Deyarli har bir ishtirok etuvchi universitet saytida Free Moverʼlar uchun alohida sahifa mavjud.

2-qadam. Oliygohning Free Moverʼlar sahifasida koʻrsatilgan kontaktga email yozing. Emailda oʻzingizni tanishtirib, universitetda 1 semestr/1 yil davomida Free Mover sifatida oʻqishga qiziqishingiz, hujjat topshirish jarayoni va kerakli hujjatlar roʻyxatini soʻrashingiz mumkin. Bunday maʼlumotlar odatda sahifada berilgan boʻladi. Lekin email yozib, yana tasdiqlab olgan maʼqul. Javob kelgach, keyingi qadamga oʻtasiz.

3-qadam. Oliygohingiz xalqaro boʻlimdagi masʼul xodim bilan koʻrishing. Unga tanlagan oliygohingizda 1 semestr/1 yil Free Mover sifatida oʻqish niyatingiz borligini ayting. Oʻzbekiston sharoitida mahalliy oliygohlardan bu uchun ruxsat olish anchagina qiyin boʻlishi mumkin. Chunki siz xorijda oʻqigan 1 semestr/1 yilingiz va olgan baholaringizni mahalliy universitet ham tan olishi kerak boʻladi. Olingan taʼlim mahalliy universitetda ham, xorijiy universitetda ham tan olinishi uchun imkon qadar oʻzingiz oʻqigan, oʻqiyotgan va oʻqiydigan fanlar bir xil boʻlgan yoʻnalishni topish kerak boʻladi.

4-qadam. Mahalliy universitet roziligini olgach, xorijiy universitetdan kerakli kurslarni/fanlarni tanlang. Odatda emailingizga javob yozishganda bunday kurslar roʻyxatini sizga yuborishadi. Yuborishmasa, qayta soʻrab oling.

Kerakli kurs/fanlarni tanlagach, universitetingizdagi Free Mover sifatida xorij oliygohida ketishingiz uchun ruxsat beruvchi xodim bilan gaplashing (odatda, xalqaro boʻlim masʼul boʻladi, xalqaro boʻlimdan soʻrab olasiz). Xodimga tanlagan kursingiz va fanlaringizni koʻrsating hamda ular mahalliy universitetda oʻtiladigan oʻquv rejasi fanlari bilan mos ekanligini tushuntiring. Masʼul xodim tanlagan fanlaringizni asosli deb topib, rozilik bersa, xorijiy universitetda tahsil olish jarayonida olingan kreditlarni mahalliy universitetda ham tan olinishi haqidagi kelishuvga (Learning Agreement) imzo chekib berishi kerak boʻladi. Bu kelishuv mahalliy oliygoh, xorijiy oliygoh va talaba oʻrtasida tuziladi.

5-qadam. Xorijdagi universitet uchun kerakli hujjatlarni toʻliq toʻldiring va ularni topshiring. Agar qabul qilinsangiz, oʻqishga ketishga tayyorgarlik koʻrishni boshlang!

6-qadam. Xorijda oʻqib, qaytib kelgach, oʻqish davomida olgan barcha baholaringizni (Transcript of Records) mahalliy universitetingizga topshiring. Universitet Learning Agreement asosida xorijda oʻqish davomida olgan baholaringizni mahalliy oliygoh baholariga konvertatsiya qiladi (moslab, qabul qiladi).

Xorijda oʻqish davomida qandaydir moddiy imtiyoz beriladimi?
Yoʻq. Free Mover sifatida xorijda oʻqimoqchi boʻlsangiz, tanlagan universitetingizdagi kontrakt summasini oʻzingiz toʻlashingiz kerak boʻladi. Borish-kelish, yashash va boshqa xarajatlarni ham oʻzingiz qoplashingiz kerak.

Free Mover sifatida oʻqish uchun eng katta qiyinchiliklar nimalar?

Bunday qiyinchiliklar quyidagilar:

1. Mahalliy universitetning rozilik berishi.

2. Tanlagan xorijiy universitetingizning sizni qabul qilishga rozilik berishi.

3. Xarajatlar muammosi.

Muammoga duch kelsam, kimdan maslahat soʻrasam boʻladi?
Xarajatlaringiz bilan bogʻliq boʻlmagan muammolar yuzasida Free Movers uchun maxsus yaratilgan sayt bilan bogʻlanishingiz mumkin. Sayt maʼmuriyati universitetlarning ruxsat berishiga oid muammolar boʻyicha maslahatlar beradi.

Maqsud Salomov