Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Xorijda ta’lim olish uchun Personal Statement ni qanday yozish kerak

7.03.2022 07:18
Xorijda ta’lim olish uchun Personal Statement ni qanday yozish kerak

Grant turi:

Bakalavriatura, Doktorantura, Magistratura

Kirish:

Qabul komissiyasini ishontiruvchan shaxsiy bayonot yozish universitetga hujjat topshirish jarayonining muhim qismidir va qabul qilish imkoniyatini yaxshilashning ajoyib usuli hisoblanadi.

Chet elda o‘qishning ajoyib afzalliklarini qo‘lga kiritishdan avval, qabul komissiyasini o‘zingiz orzu qilgan universitet uchun munosib nomzod ekanligingizga ishontira olishingiz kerak. Bu esa ushbu maqola orqali yoritilishi ko‘zda tutilgan "Personal Statement" (shaxsiy bayonot) nomli insho orqali amalga oshiriladi. Ushbu insho turi haqida o‘zbek tilada yoritilgan manbalar kam ekanini hisobga olgan holda, OLIYGOH.UZ jamoasi xorijda o‘qish niyatidagi o‘quvchilarga ushbu maqolani taqdim etadi.

Personal Statement nima?

Shaxsiy bayonot - bu nima uchun universitetda o‘qishni xohlayotganingizni va nima uchun siz tanlagan dasturga mos kelishingizni tushuntirib beradigan qisqa insho.

Bu sizning munosib talabgor ekanligingizni isbotlash va sizning qiziqishlaringiz, yutuqlaringiz, tajribangiz va intilishlaringiz haqida qabul komissiyasiga bayon etish uchun sizning imkoniyatingizdir.

Personal Statement yozishni qanday boshlash kerak?

Shaxsiy bayonotingiz boshidanoq uni o‘quvchi insonning e’tiborini jalb qilishi kerak, shuning uchun insho boshidanoq maqsadga ko‘chgan muhimdir. Inshoni o‘zingizning kimligingizni va siz ariza topshirayotgan kursni o‘rganish uchun sizda bo‘lgan motivatsiyani aks ettiradigan qisqacha jumla bilan boshlang.

Qabul komissiyasidagilarda inshodagi chiroyli aforizmlar yoki kimlarningdir aqlli gaplari bilan taassurot qoldirish uchun vaqt sarflamang; ular bu harakatlaringiz nima uchun qilinayotganini bilishadi. Shunchaki o‘zingizdagi g‘ayrat va ichki motivatsiyani insho boshidanoq bildirsangiz, esda qolarli birinchi taassurot qoldirish ehtimoli katta.

O‘zingizning bayonotingizni birovning iqtiboslari bilan yozish - bu xavfli harakat. Inshoni o‘quvchi shaxs birovning fikri yoki so‘zlari bilan qiziqmaydi; ular siz haqingizda bilishni afzal ko‘rishadi. Agar siz boshqalarning so‘zlariga ko‘proq ishonsangiz, sizning bayonotingiz haqiqiyligini yo‘qotishi mumkin.

Ushbu inshoni bir yoki bir necha kunda, umuman olganda qisqa vaqtda yozib ulguraman deb o‘ylamang. Albatta o‘zingiz uchun ko‘proq vaqt bering. Tanlagan kurs va universitetga qabul qilinish uchun ushbu insho eng muhim hujjatlardan biri ekanini doimo yodda tuting.

Personal Statement o‘z ichiga nimalarni olishi kerak?

Nega chet elda o‘qishni xohlaysiz: Chet elda o‘qish katta qaror, shuning uchun bunga tayyor ekanligingizni isbotlashingiz kerak bo‘ladi.
Nega aynan shu mamlakatda o‘qishni xohlaysiz: Qabul komissiyasiga nima uchun ularning mamlakatlari sizning orzularingiz ro‘yobi uchun eng yaxshi joy ekanligini ayting.
Nima uchun ushbu kursni o‘rganmoqchisiz: ichki motivatsiya - bu muvaffaqiyatli shaxsiy bayonotlarning asosiy tarkibiy qismi. Agar siz o‘qishni tanlagan mavzuga chinakam qiziqish va muhabbatni namoyon eta olsangiz, sizga talabalik imkoniyati taqdim etilish ehtimoli oshadi.
Sizning kelajakdagi maqsadlaringiz: O‘qishni bitirgandan so‘ng nimaga erishmoqchi ekanligingizni ham albatta yoriting. Bunday qilish sizning sohangizga bo‘lgan sadoqatingiz va niyatlaringizni namoyish etadi.
Til ko‘nikmalaringiz: Tanlangan soha uchun talab qilinadigan tilni yetarlicha bilishingizni ham albatta bayonotda ko‘rsatib o‘ting.
Tegishli ish tajribasi: O‘qish bilan bir xil sohada o‘tgan har qanday ko‘ngilli ishchi sifatidagi faoliyatingiz yoki stajirovka haqida ma’lumotlarni inshoga qo‘shib qo‘yish sizni boshqalardan ajralib turishga yordam beradi.
Sevimli mashg‘ulotlar va qiziqishlar: O‘qish va ilmiy faoliyatdan tashqari yana sizni qiziqtiruvchi mashg‘ulotlarni ham eslab o‘ting. Sinfdan tashqari qiziqishlaringizni siz o‘qish uchun hujjat topshirayotgan kurs bilan bog‘lash sizning shaxsiy bayonotingizni keyingi bosqichga ko‘taradi.


Personal Statement nechta so‘zdan iborat bo‘lishi kerak?

Shaxsiy bayonotingizning talab qilinadigan davomiyligi va hajmi siz tanlagan o‘qish joyingizga va bakalavriat yoki magistratura bosqichiga hujjat topshirishingizga qarab turlicha bo‘lishi mumkin.

Masalan, xalqaro talabalar uchun dunyodagi eng mashhur mamlakat bo‘lgan AQShda o‘qishni istasangiz - siz topshiriladigan inshoingizning davomiyligini har bir o‘quv yurtining so‘z chegarasiga moslashtirishingiz kerak bo‘ladi.

Agar siz Buyuk Britaniyada o‘qishni tanlasangiz, sizning shaxsiy bayonotingiz standartlashtirilgan uzunlikda bo‘ladi: maksimal 4000 ta belgi va 47 ta satr. Shaxsiy bayonotingizni universitetlar va kollejlarga qabul qilish xizmati UCAS deb nomlangan markazlashtirilgan portal orqali yuborasiz.

Yozishni boshlashdan oldin har doim tanlangan universitetning insho borasida so‘z chegaralarini tekshirib oling. Talablar bilan tanishish sizning bayonotingizni yanada samarali rejalashtirish va tuzishga yordam beradi.

Personal Statement qanday bo‘limlarga ajratilishi mumkin?

Inshoni shakllantirishda to‘g‘ri yoki xato usul yo‘q, ammo qabul komissiyasi talab qiladigan barcha ma’lumotlarni qamrab oladigan mantiqiy asos yaratish juda muhimdir. Quyidagi umumiy va asosiy struktura inshoni tayyorlashda sizga yordam berishi mumkin:

1) Kirish: Ushbu bo‘limda aynan nega shu dasturni o‘rganishni istaganingizning sabablari va kelajakdagi maqsadlaringiz bilan qanday muvofiqlashishi ochib berilishi kerak.

2) Sizning akademik yutuqlaringiz: Ushbu qismda, o‘zingizning tegishli akademik yutuqlaringiz va siz olgan avvalgi bilimingiz sizni ushbu kursga qanday tayyorlaganligi haqida yozing.

3) Kasbiy mahorat va tajriba: Inshoni o‘quvchi shaxsga tegishli ish tajribasi yoki ko‘ngillilik imkoniyatlari to‘g‘risida aytib bering. O‘zingiz egallagan ko‘nikmalar sizni oliy ma’lumot olish uchun qanday tayyorlaganligini ham keltirib o‘ting.

4) Sinfdan tashqari qiziqishlar: O‘zingizning o‘qishingizni ijtimoiy hayotingiz bilan muvozanatlashtiradigan har tomonlama rivojlangan odam ekanligingizni ko‘rsating. Bo‘sh vaqtingizda yoqadigan sevimli mashg‘ulotingiz va mashg‘ulotlaringiz haqida va o‘zingizning dasturingizga tatbiq etishingiz mumkin bo‘lgan qobiliyatlar haqida eslatib o‘ting.

5) Xulosa: Nima uchun universitet sizga talaba sifatida joy taklif qilish kerakligini tasdiqlab, shaxsiy bayonotingizni yakunlang. Nega siz ideal nomzod ekanligingizni va universitetdagi vaqtingizga amalga oshirishni niyat qilgan rejalaringizni takrorlang.

Muhim eslatmalar:

Inshoda haqiqiy "o‘zingiz" bo‘ling: Qabul qilish idoralari xodimlari qog‘oz ortidagi odam bilan tanishishni istaydilar. O‘zingizni yo‘q odam sifatida ko‘rsatmang yoki biron bir yutuqlaringizni oshirib yubormang.
Grammatik va imloviy xatolarga yo‘l qo‘ymang: Imlo, grammatika va tuzilishning yomonligi shaxsiy bayonotni buzishi mumkin. Inshoni tugatgach uni qayta va qayta tekshiring.
Inshoni boshqalarga ham tekshirtirib oling: O‘zingiz tekshirib ko‘rganingizdan so‘ng, do‘stlaringiz, oilangiz va o‘qituvchilaringizni ham inshoni tekshirishlari uchun jalb qiling. Ular siz ilgari sezmagan narsalaringizni ko‘rsatishi va foydali fikr-mulohazalarini taklif qilishi mumkin.
Shoshilmang: Eng yaxshi g‘oyalar rivojlanishi uchun vaqt talab etiladi, shuning uchun bayonotingiz bilan ishlash muddatini ancha oldin boshlash oqilona. Bu sizga topshirish sanasidan oldin bir nechta qoralamalarni tayyorlab olish uchun yetarli vaqt beradi.
Plagiatga yo‘l qo‘ymang: Shaxsiy bayonotlarning misollarini Internet orqali ko‘rib chiqsangiz yaxshi bo‘ladi, lekin ularni nusxalash yoki sotib olishga urinmang. Sizning bayonotingiz onlayn plagiatni tekshirish bosqichidan o‘tadi va o‘xshashlik bilan bog‘liq har qanday narsa belgilanadi.
Universitetingiz nimani qidirayotganini bilib oling: Universitet veb-saytlari va kurslarning tavsiflari ular izlayotgan nomzodlar haqida xabar beradi. O‘zingizning bayonotingizni ushbu ko‘nikmalar va xususiyatlarga mos ravishda moslashtiring.

Teglar