Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga kirish uchun qanday hujjatlar topshiriladi?

4.07.2020 08:35
Yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga kirish uchun qanday hujjatlar topshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2020 yil 29 apreldagi PF–5987-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu qaror loyihasiga asosan Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga kirish uchun hujjatlar topshirish jarayoni quyida batafsil yoritib o‘tilgan.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy etiladi.

TDYuU magistraturasiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Abituriyent ro‘yxatdan o‘tishi uchun hujjatlarning asl nusxasidagi quyidagi maʼlumotlarni Davlat test markazining maxsus dasturi orqali elektron ravishda kiritadi:

  • pasport seriyasi, raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami;
  • oliy maʼlumot to‘g‘risidagi diplom (yoki diplomdan ko‘chirma – O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) berilgan taʼlim muassasasi nomi, seriyasi, raqami;
  • muayyan imtiyozni tasdiqlovchi hujjatlar seriyasi, raqami, berilgan vaqti (chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOYeFL, IYeLS, Sambridge English Qualifisations, TestDAF, Goyethe Syertifisate, TSF va hokazo) sertifikatlari), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyalari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi hujjat) – mavjud bo‘lganda;
  • tegishli davlat organi birinchi rahbarining tavsiyasi asosida bazaviy oliy yuridik maʼlumot hamda davlat hokimiyati va boshqaruvining markaziy organlarida yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbar xodimlar uchun o‘rnatilgan tartibda imzolangan va davlat organining blankida rasmiylashtirilgan tegishli davlat organi birinchi rahbarining tavsiyasi seriyasi, raqami, berilgan vaqti;
  • bazaviy oliy yuridik maʼlumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida uch yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar uchun o‘rnatilgan tartibda imzolangan va yuridik texnikum blankida rasmiylashtirilgan birinchi rahbarning tavsiyasi seriyasi, raqami, berilgan vaqti.

Ro‘yxatdan o‘tish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining veb-sayti orqali amalga oshirilganda maʼlumotlar abituriyent tomonidan mustaqil ravishda elektron shaklda yuklanadi va hujjatlar hamda maʼlumotlarning haqqoniyligi va to‘g‘riligi uchun abituriyent shaxsan javobgar hisoblanadi.

Ro‘yxatdan o‘tishning belgilangan muddati tugagandan so‘ng maʼlumotlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish qatʼiyan taqiqlanadi.

Ro‘yxatga olingan abituriyentlar soni haqidagi kunlik maʼlumotlar mutaxassisliklar, taʼlim shakli va tili kesimida qabul komissiyasi tomonidan TDYuU hamda DTM veb-saytiga joylashtirib boriladi.

Kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) abituriyentlarni TDYuU magistraturasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tavsiya etilganligi to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganidan so‘ng uch ish kuni mobaynida hujjatlarning asl nusxalari abituriyent tomonidan TDYuU qabul komissiyasiga taqdim etiladi.

Hujjatlarda qalbakilashtirish yoki soxtalashtirish holatlari aniqlanganda, shu jumladan, elektron shakldagi maʼlumotlarda ham, abituriyent test sinovlaridan (talabalikka qabul qilingan bo‘lsa TDYuU talabalari safidan) chetlashtiriladi, hujjatlar esa belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi