Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Bu yil kirish imtihonlari qanday shaklda o‘tkaziladi?

10.07.2020 00:26
Bu yil kirish imtihonlari qanday shaklda o‘tkaziladi?

Kirish imtihonlarini an’anaviy qog‘oz shakldagi test sinovlari tarzida tashkillashtirish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Davlat test markazi direktori Majid Karimov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilishicha, hozirgacha 70ta binoni tayyorlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Binolarda bir vaqtning o‘zida 840ta guruhda 25 200 abituriyent imtihon topshira oladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilgi kirish imtihonlari onlayn tarzda o‘tkazilishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Imtihonlar har doimgi shaklda, ya’ni keng sig‘imli binolarda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkaziladi.

Rasman ma’lum qilish mumkinki, davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmagan. Agar imtihon tartibi o‘zgaradigan bo‘lsa ham, ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarori bilan ma’lum qilinadi», dedi Majid Karimiov.

Uning ta’kidlashicha, kirish imtihonlarini an’anaviy qog‘oz shakldagi test sinovlari tarzida tashkillashtirish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha 70ta binoni tayyorlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Binolarda bir vaqtning o‘zida 840ta guruhda 25200 abituriyent imtihon topshira oladi.

«Dunyo tajribasida mana shunday test sinovlaridan biri Xitoyda o‘tkazildi. Rossiyada ham tashkillashtirilgan yagona davlat imtihonlarida 671 mingdan ortiq abituriyent ishtirok etgan. Bu davlatlarda imtihon an’anaviy qog‘oz shaklda o‘tkazilgan», deya boshqa davlatlardagi vaziyat haqida ham to‘xtalib o‘tdi DTM rasmiysi.

Bundan tashqari, Majid Karimov kirish imtihonlarining kechiktirilishi to‘g‘risidagi savolga ham javob berdi.

«Test faqat oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun o‘tkaziladi. Agar test kechiksa ham, OTMda yuqori kurslar uchun darslarni ertaroq, birinchi kurslarga oktabr yoki noyabrdan ham boshlash mumkin. Ayrim davlatlarda xuddi shunday bo‘lyapti. Masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya testni yil oxiriga ko‘chirishgan.

Imtihon muddatini kechiktirish Davlat test markazining vakolatida emas. Tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan kelishgan holda qarorni Davlat komissiyasi qabul qiladi», dedi Davlat test markazi direktori.

Avvalroq DTM kirish imtihonlari onlayn o‘tkazilmasligi to‘g‘risida bayonot ham bergan edi.