Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

2025/2026-yildan tibbiyot talabalari yangi universitet diplomini oladi

02-may 10:10
2025/2026-yildan tibbiyot talabalari yangi universitet diplomini oladi

Prezidentning “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Toshkent shahrida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarini birlashtirgan yangi universitet tashkil etilmoqda.

Yangi universitet – Toshkent davlat tibbiyot universiteti deb ataladi. U quyidagi oliy ta’lim muassasalari negizida shakllantiriladi:

  • Toshkent tibbiyot akademiyasi

  • Toshkent pediatriya tibbiyot instituti

  • Toshkent davlat stomatologiya instituti

Universitetning asosiy vazifalari — tibbiyot sohasi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yetakchi dargoh bo‘lishdir.

Diplom masalasi qanday bo‘ladi?

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ushbu institutlarda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi Universitetda davom ettiradi. Bitiruvchi kurs talabalari esa Toshkent davlat tibbiyot universiteti diplomi bilan taqdirlanadi.

Klinik amaliyot va xalqaro guruhlar

Yangi universitet talabalari uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari klinik amaliyot bazalari etib belgilanadi. Bu esa amaliyot sifatini oshirishga xizmat qiladi.

2025/2026-o‘quv yilidan magistratura bosqichida xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar ham joriy etiladi.

Tuzilma va moliyaviy manbalar

Universitet tuzilmasida homiylik xayriyalari asosida shakllantiriladigan jamg‘arma tashkil etiladi. Ushbu jamg‘arma Toshkent davlat tibbiyot universitetini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Mazkur qaror tibbiyot ta’limi sifatini oshirish, xalqaro standartlarga yaqinlashtirish va amaliyot bilan integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan muhim bosqich hisoblanadi.