Abituriyentlar imtihonlarga tayyorlanishda ko‘p qiladigan 5 xato
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Odam o‘rganishning xato usullaridan foydalanib, 10 soat o‘rganib ham qariyb hech nima o‘rganmasligi mumkin. Tasavvur qiling, abituriyent shuncha o‘zini berib, 3 oy 10 soatdan tayyorlansa-yu, qariyb hech nimani o‘rganolmagan bo‘lsa. Shuning uchun imtihonlarga tayyorlanishda qilinadigan xatolarni bilib qo‘ygan foydali.
1. Qayta va qayta o‘qish
Oldingi postdagi shuncha tayyorlanib ham imtihondan o‘tolmagan Samirni misol qilib olaylik. Samir boshini ushlab olib, bir mavzuni birdaniga qayta va qayta o‘qiverardi. Bu usul Samirga birdaniga imtihon topshirganida foyda berardi. Lekin boshqa hollarda umuman foyda bermaydi.
Eng yomoni — qayta va qayta o‘qish "bilim illyuziyasi"ga olib keladi. Ya’ni Samir har qayta o‘qiganida mavzu unga tanishroq bo‘lib boraveradi. Ammo bu yolg‘on tasavvur, bu usul testda javoblarni eslay olishiga yordam bermaydi.
2. Tagiga chizib o‘qish
Samir har xil rangdagi flomasterlarni olib, kitob o‘qiyotganida muhim nimanidir ko‘rsa, tagiga chizib qo‘yardi. Bu unga muhim narsalarni yodlab qolishiga yordam beradi, deb o‘ylardi.
Lekin unday emas. Nimanidir tagiga chizgani Samirning miyasiga ma’lumotni solib qo‘ymaydi. Bu usul ham qayta va qayta o‘qishdek "bilim illyuziyasi"ni paydo qiladi. Samir agar men nimaningdir tagiga chizib qo‘ysam, o‘sha narsa xotiramda qoladi, deb o‘ylaydi. Imtihonga kirganida xotiram pastmi, deb, javoblarni eslayolmaydi.
3. Tushunmasdan yodlash
Samir qiyin matametik formulaga qarardi-yu, uni tushunish qiyin deb, formulani shunchaki yodlashga harakat qilardi. Boshida birdaniga esda qoladi. Lekin miyada bir xususiyat bor, agar u biron narsani tushunmasa, tezda esdan chiqarib yuboradi. Shu sababdan ertasi kuni yoki bir haftadan keyin Samir formulani eslashi kerak bo‘lganida eslayolmaydi.
Agar Samir hamma formulalarni tushunmasdan yodlaydigan bo‘lsa, formulalar xayolida chalkashib ketib, misol ishlashini aksincha qiyinlashtiradi. Formulani boshida tushunishga ko‘proq vaqt ketadi, lekin tushunmasdan yodlashga qaraganda odam tezroq yodlab qoladi.
4. To‘xtamasdan o‘qish
Samir qaysidir motivatsion videoni ko‘rardi-da, 3-4 soatlab, ba’zida 8 soatlab to‘xtamasdan imtihonga tayyorlanardi. Lekin bu foydadan ko‘ra zarar beradi. Sababi miya bitta narsaga uzoq muddat e’tiborini qaratgani sari ma’lumotni yaxshi qabul qilishi qiyinlashib boraveradi. O‘qilgan narsalar miyadan chiqib ketaveradi. Orada qisqa tanaffuslar qilib turish kerak.
5. Kam uxlash
Samir qarasa, uyquga 7-8 soati ketayotgan ekan. Agar uyqudan 2-3 soatini olsa, imtihonga ko‘proq vaqt ajrata olar ekan. Qanday yaxshi! Samir kam uxlab, ko‘p o‘qishni boshlaydi.
Lekin keyinchalik o‘qishga erinchoqligi boshlanadi. Erinchoqligini yengganidan keyin ham dars vaqti yo uxlab qoladi, yo o‘qiganini tushunmay qoladi. Ikki kundan keyin o‘qiganlarining ko‘pini eslay olmaydi. Sababi odam uxlagan vaqti hech narsa bo‘lmagandek tuyulsa ham odam charchog‘ini chiqarib, o‘ziga kuch oladi. Quvvati yo‘q odam yaxshi tayyorlana olmasligi tabiiy. Bundan tashqari, odam uxlayotganida miya o‘rgangan ma’lumotlarini o‘zi takrorlaydi, ya’ni uxlayotganingizda ham qiynalmasdan ma’lumotlarni takrorlagan bo‘lasiz. Shuning uchun ko‘p ham emas, kam ham emas me’yorida uxlash kerak. Bekordan bekorga odamning uxlashga ehtiyoji yo‘q.
Avalboyev Suxrob