Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Yaponiyaning Ritsumeikan Asia Pacific universiteti (APU) grantini yutgan yurtdoshimiz bilan suhbat

9.04.2022 15:50
Yaponiyaning Ritsumeikan Asia Pacific universiteti (APU) grantini yutgan yurtdoshimiz bilan suhbat

Rasmiy havola:

en.apu.ac.jp

- Assalomu alaykum, Ulug‘bekmirzo. O‘zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.

- Assalomu alaykum. Ismim Ulug‘bekmirzo Abdurahmonov. Yoshim 22 da. Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida tug‘ilganman. Hozirda Yaponiyaning Ritsumeikan Asia Pacific universiteti 3-bosqich talabasiman. Marketing yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqdaman.

- Hozirda tahsil olayotgan universitetingiz haqida umumiy ma’lumot.

- APU oxirgi "QS Asia University Rankings 2022"da eng yaxshi 10 ta xususiy universitetlar qatoriga kiritilgan. APU xalqaro talabalar uchun Top 3, Inbound almashinuvi boʻyicha Top 5 va Xalqaro oʻqituvchilar tarkibi boʻyicha Top 30 ta universitetlar qatoriga kiradi. Ritsumeikan Asia Pacific universiteti "Ritsumeikan Trust" a’zosi bo‘lib, unga APU, Kiotodagi Ritsumeikan universiteti va Biva ko‘li hamda butun Yaponiyadagi boshlang‘ich va o‘rta maktablar kiradi. 1990-yillarning boshlarida Beppu shahrida xalqaro universitet yaratish konsepsiyasi birinchi marta Oita prefekturasi gubernatori Morixiko Xiramatsu tomonidan Kiotodagi Ritsumeikan Trustning o‘sha paytdagi kansleri janob Kavamoto tomonidan ko‘tarilgan. Universitet 2000-yil aprel oyida Beppu shimolidagi Jumonjibaru shahrida ochilgan.

Universitet "erkinlik, tinchlik, insonparvarlik, xalqaro o‘zaro tushunish va Asia Pacific mintaqasining kelajakdagi shakli" g‘oyalari asosida tashkil etilgan. Universitetning "Dunyongizni shakllantiring" shiori 2008-yilda butun dunyodan o‘zini va dunyoni qayta kashf etishga kelgan talabalar imidjini uyg‘otish uchun yaratilgan.

Universitet ta’lim tizimiga keladigan bo‘lsak, bir o‘quv yilida ikkita to‘rt oylik semestr mavjud. Bir semestr yetti hafta davom etadigan ikkita chorakka bo‘linadi. Ko‘pgina boshqa universitetlardan farqli o‘laroq, talabalar yiliga ikki marta, bahor va kuzda o‘qishga qabul qilinadi va bitiradi. APU liberal san’at, jumladan, media tadqiqotlari, tillar va yapon an’anaviy san’ati kabi fanlar bo‘yicha bakalavriat ta’limini taklif qiladi. Talabalar o‘z fanlarini o‘zlari tanlaydilar va o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha darslar bilangina cheklanib qolmaydilar. Biroq, talabalar o‘zlarining tegishli o‘quv dasturlari bo‘yicha darslarni faqat o‘qish yiliga qarab tanlashlari mumkin.

- Nega bakalavr bosqichini chet elda o‘qishga qaror qilgansiz?

- Buning bir qancha sabablari bor. Avvalo, o‘z soham bo‘yicha eng yaxshi o‘quv maskanida, tajribali o‘qituvchilar qo‘lida bilim olib, yetakchi mutaxassislardan bo‘lishni xohlaganim tufayli. Bundan tashqari, men kichik doira bilan chegaralanib qolmasdan, global fuqaro bo‘lishni niyat qilganman. APU dagi muhit, xalqaro mutaxassislar va talabalar jamoasi, ta’lim sifati ushbu yo‘lda menga katta yordam bermoqda.

- Qanday qilib ushbu universitet grantini yutgansiz? Grant miqdori qancha? Nechta grant ajratiladi?

- Menga universitet 80% lik grant taqdim etgan. Bunday grant 6000 ga yaqin nomzod orasidan 3 kishiga beriladi. Ya’ni o‘qish to‘lovining 80%i qoplanadi. Ushbu grantni yutish uchun barcha talab etiladigan hujjatlarni taqdim etish, o‘ziga xos motivatsion xat va insho yozish, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish kifoya. Universitet xalqaro talabalar uchun juda ko‘p grantlar ajratadi. Grantlar miqdori 30%, 50%, 65%, 80% va 100% ni tashkil etadi. 100% grant bir o‘quv yilida faqat 1 kishiga beriladi. 80% esa 3 kishiga. 65% va boshqa grantlar nisbatan ko‘proq talabalarga beriladi. Grantni berishda taqdim etilgan barcha hujjatlarning umumiy bahosi, suhbat natijalari va onlayn baholash natijalari hisobga olinadi. Grant natijalari ariza topshirishning yakuniy natijalari bilan birga e’lon qilinadi. Bundan tashqari,ertaroq ariza topshirgan abituriyentlar APU ta’lim to‘lovini qisqartirish bo‘yicha stipendiya olish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishadi.

- Motivatsion xat va esselarni yozishda, suhbat jarayonida nimalarga e’tibor qaratish lozim?

- Eng muhimi "o‘zingiz" bo‘lish. Balandparvoz, oldi-qochdi gaplar foyda bermaydi. Qabul komissiyasi asosan nomzodning ayni paytdagi bilimidan ham kelajakdagi potensialiga, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqiga ko‘proq e’tibor qaratadi. Rejalaringiz, kelajagingizni qanday ko‘rishingiz, nega aynan ma’lum bir sohani tanlaganingiz haqida aniq va batafsil gapirishingiz kerak.

- Yaponiyada ta’lim olishning afzalliklari va kamchiliklari?

- Afzalliklari haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi navbatda yapon xalqining innovatorligi, ta’lim tizimining ham shu tamoyilga asoslanganini ta’kidlashim joiz. Madaniyat, mentalitet, xalqaro muhit kabi omillar ham muhim o‘rin tutadi. APU da xalqaro talabalar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar juda ko‘p. Universitet kampusi tog‘li kurort zonada joylashgan. Turli to‘garaklar, klublar, talabalar uyushmalari mavjud. Bo‘sh vaqtingizni ham mazmunli o‘tkazishingiz mumkin. Yana bir menga eng yoqadigan jihati, dinlarga bo‘lgan hurmat. O‘zim dindor oiladan chiqqanim sababli men uchun bu jihat o‘ta ahamiyatli. Universitetimizda musulmon talaba va o‘qituvchilar uchun masjid mavjud. Musulmonlar uchun maxsus halol taomlar tayyorlanadi. Hattoki maxsus idishlar ham beriladi. Bunday e’tibor, albatta, mamnun qiladi.

Universitetda o‘qishni boshlagandan so‘ng ham imkoniyatlar talaygina. Ko‘plab almashinuv dasturlari, qo‘shimcha grantlar mavjud. Men ham shunday qo‘shimcha grantlardan biri "Jasso honours scholarship"ni yutganman. Ushbu grant egalariga har oy ma’lum miqdorda mablag‘ ajratiladi. APU o‘z talabalarini 100% ish bilan ham ta’minlaydi. Men ham hozirda dunyoning eng yetakchi consulting kompaniyalaridan biriga ishga qabul qilindim.

- Qoyil, ajoyib. Sizga o‘xshab chet elda o‘qimoqchi va grant yutmoqchi bo‘lgan kuzatuvchilarimizga qanday maslahatlar bera olasiz? Ishni nimadan boshlash lozim? Nimalarga e’tibor qaratish kerak?

- O‘qishdan tashqari ijtimoiy faollikka ham e’tibor qaratish muhim. Til bilish darajasi ham katta rol o‘ynaydi. (6+) Va yana bir narsa, har jihatdan ideal bo‘lish shart emas. Qaysidir kuchli jihatingizni ko‘rsatib bersangiz yetarli. Ular ideal nomzodni emas, balki ishtiyoqi baland, talablarga mos keladigan nomzodni izlashadi. Har qanday grant dasturida ham shunday. O‘qishga topshirishni avvalo o‘zingizga mos dastur va universitet tanlashdan boshlang. Keyin talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatini o‘rganib, tayyorgarlik ko‘rsangiz ham bo‘laveradi. Va faqat bitta universitet emas, parallel ravishda bir nechta universitetga hujjat topshirsangiz ham yaxshi bo‘ladi. Talablar hamma joyda deyarli bir xil. Harakat qilgan odam hamma narsaga erisha oladi. Barchaga omad tilayman!

- Mazmunli suhbat uchun minnatdormiz, Ulug‘bekmirzo. Rahmat!

Dilshoda Xudoynazarova suhbatlashdi.