Pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish ta’qiqlanadi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish ta’qiqlanadi. Yana nimalar mumkin emas?
Qonunchilikka ko‘ra, pedagogik faoliyatni amalga oshirayotgan xodimni quyidagilarga jalb qilish yoki majburlash ta’qiqlanadi:
-
Pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek unga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilish;
-
Pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish;
-
Pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;
-
Pedagogni ishga joylashtirilmagan, ta’lim bilan qamrab olinmagan va profilaktika hisobida turgan voyaga yetmaganlar hisobini yuritish hamda ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish ishlariga jalb etish;
-
Pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish.
Shuningdek, davlat umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar davlat tomonidan o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv-uslubiy materiallar bilan bepul ta’minlanadi.
Pedagogni uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, lekin siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarga (saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish, test sinovlarida auditoriya nazoratchisi vazifasini bajarish, aholini ro‘yxatga olish, ta’lim tashkilotlarini tekshirish va boshqalar) jalb qilish faqat uning roziligi va tuzilgan shartnomaga asosan qo‘shimcha haq to‘lash evaziga amalga oshiriladi.
Pedagogni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash, shuningdek, uning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.