“Perevod” Qilish Tartibi: 2024-yil uchun Keng Tushuntirish
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
2022-yil 15-iyunda imzolangan PQ-279-son Prezident qaroriga binoan, O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab oliy ta’lim muassasalarida (OTM) o‘qishni ko‘chirish tartibi belgilangan. Quyida, ushbu qarorga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish jarayonining asosiy qoidalari va shartlari keltirilgan.
1. Bir Davlat OTMdan Boshqa Davlat OTMga O‘qishni Ko‘chirish
Davlat OTMdan boshqa davlat OTMga o‘qishni ko‘chirish faqat ikkita vaziyatda ruxsat etiladi:
- Turmush O‘rtog‘iga Ko‘chish: Talaba oila qurgan bo‘lsa va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga ko‘chishni xohlasa.
- Davlat Xizmatchisi Ko‘chirilishi: Davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chsa va uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirish istagi bo‘lsa (ishga kirgan vazirlik xati asosida).
Boshqa hollarda, ichki perevod (bir hududdan boshqa hududga yoki hudud ichida boshqa OTMga o‘qishni ko‘chirish) ruxsat etilmaydi.
2. Xorijdan O‘qishni Ko‘chirish
Xorijdan O‘zbekiston OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun quyidagi shartlar saqlanib qolgan:
- Test Yoki Ijodiy Imtihon: Mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshirilishi va o‘tish balini to‘plash talab etiladi.
- Super-kontrakt: Agar o‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishini ko‘chirish mumkin.
- Mos bo‘lmagan Yo‘nalishlar: Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
Testdan so‘ng, har bir talabaning hujjatlari qayta tekshiriladi. Agar kimdir “xorijda o‘qiyapti” degan soxta hujjat tayyorlagan bo‘lsa, natijalar bekor qilinadi va prokuraturaga murojaat qilinadi.
3. O‘zbekistondagi Xorijiy va Nodavlat OTMlardan O‘qishni Ko‘chirish
Bu holatda, avvalgi yilgi tartib saqlanib qolgan:
- Test yoki Ijodiy Imtihon: Mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiriladi va o‘tish balini to‘plash talab etiladi.
- Super-kontrakt: Agar o‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishni ko‘chirish ruxsat etiladi.
- Mos bo‘lmagan Yo‘nalishlar: Mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlar uchun bir martalik super-kontrakt to‘lash orqali o‘qishni ko‘chirish mumkin.
4. Davlat OTMdan Nodavlat OTMga O‘qishni Ko‘chirish
Davlat OTMdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish jarayoni davlat tomonidan nazorat qilinmaydi. Bu jarayon nodavlat OTMlar tomonidan o‘z mustaqil qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Shuning uchun, o‘qishni ko‘chirish mumkinligini o‘sha OTMning o‘zidan aniqlashtirish kerak.
5. Nodavlat OTMdan Nodavlat OTMga O‘qishni Ko‘chirish
Bu jarayon ham davlat tomonidan nazorat qilinmaydi va tartibini ko‘chirmoqchi bo‘linayotgan nodavlat OTMning o‘zidan aniqlashtirish kerak.
6. Xorijdan Nodavlat OTMga O‘qishni Ko‘chirish
Xorijdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish jarayoni ham davlat tomonidan nazorat qilinmaydi. Bu jarayon nodavlat OTM tomonidan mustaqil belgilangan qoidalarga asoslanadi.
7. Bir Davlat OTM Ichida Bir Yo‘nalish Yoki Fakultetdan Boshqasiga Ko‘chirish
Ushbu jarayon OTM rektori tomonidan hal qilinadi. Ariza rektor nomiga yoziladi va transfer.edu.uz yoki my.uzbmb.uz saytlari orqali amalga oshirilmaydi. Bunda ko‘chirilayotgan yo‘nalishning mos va turdoshligi, ko‘chirilish sababi va OTM imkoniyatlari inobatga olinishi mumkin.
8. Bir OTM Ichida Ta’lim Shaklini yoki Tilini O‘zgartirish
Bu masala ham OTM ma’muriyati tomonidan hal qilinadi. Ta’lim shakli yoki tilini o‘zgartirishda OTMning imkoniyatlari, masalan, auditoriya sig‘imi va professor-o‘qituvchilar soni inobatga olinadi. Masalan, sirtqidan kunduzgiga o‘tkazish deyarli imkonsiz bo‘lsa-da, kunduzgidan sirtqiga o‘tish osonroq hal bo‘ladi.
Arizalar Qabul Qilish Tizimi
- Transfer.edu.uz: Respublikaning bir OTMdan boshqa OTMga yoki bir OTM doirasida ko‘chirish uchun.
- My.uzbmb.uz: Xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish uchun.
- Rektor nomiga yozma ariza yoki OTMda mavjud elektron tizim orqali: Bir davlat OTM ichida yo‘nalish, fakultet, ta’lim shakli yoki tilini ko‘chirish uchun.
Arizalar qabul qilish muddati: 15-iyuldan 5-avgustgacha (shu kuni ham).
Kerakli Hujjatlar:
- Ariza (onlayn tarzda);
- Transkript yoki reyting daftarchasi (JPEG yoki PDF shakli);
- Akademik ma’lumotnoma (o‘qishni tiklovchilar uchun).