Qanday qilib imtihonlarga chalg‘imasdan tayyorlanish mumkin?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Har safar nimagadir bunday bo‘lib qolaveradi: imtihonga tayyorlanishni juda xohlaysiz, lekin qayerdandir jin urgur qo‘l telegramga kirib ketib qoladi, keyin instagramga, keyin esa youtube’ga. Shunda "Bo‘ldi", deysiz, "Endi chalg‘imayman, bor e’tiborimni imtihonga qarataman", deysiz. Boshida foyda beradi. Xursand bo‘lasiz. Lekin ozginadan keyin payqasangiz, internetda nechadir soatdan beri chalg‘ib o‘tirgan bo‘lasiz.
Sizni tushunaman, bu holat odamni juda asabiga tegadi. "Imtihonga tayyorlanishimni qanchalik muhimligini anglab turib, o‘zi shuni xohlab ham qanday qilib chalg‘ib ketaverishim mumkin? Yo toba", deb o‘ylanib o‘tirgan bo‘lishingiz ham mumkin.
Bunga oson yechim bor. Yechim amalga oshishi uchun irodangizni ishlatib o‘tirishingiz ham, pulingizni ishlatib o‘tirishingiz ham kerak bo‘lmaydi.
Chalg‘imaslik uchun chalg‘ishning iloji bo‘lmaydigan atrof-muhit yaratishingiz kerak.
Masalan, dars vaqti telefonga chalg‘ib ketib qolyapsizmi, telefonga chalg‘ishni bloklab qo‘yadigan dastur o‘rnatib oling. Dasturni qanday ishlatish kerakligi haqida bu yerda (https://t.me/kaktuschilar_uz/170?single) yozgan edim.
Televizorga chalg‘ib ketyapsizmi, televizorni tokdan uzib, televizorni imtihongacha ko‘zingizga tushmaydigan joyga qo‘ying. Yoki o‘zingiz shunday joyga boringki, televizor ko‘rishning iloji bo‘lmasin.
Uydagilar xalaqit beryaptimi, ertalabdan kutubxonaga chiqib keting. Boradigan kutubxonangiz hech kim gapirmaydigan, hamma tinch o‘qiydigan joy bo‘lsin.
Endi aytishingiz mumkin, telefon imtihonga tayyorlanishim uchun kerak, deb. Biroz pul ketsa ham hamma o‘rganadigan narsangizni qog‘ozga chiqarib oling, kitob sotib oling. Yoki internetdan har kuni qidirib o‘rganadigan narsam bor, deb aytishingiz mumkin. Internetdan imtihongacha nimalarni olishingiz kerak bo‘lsa, birdaniga hammasini yuklab oling-da, internetni dars vaqti yoqib bo‘lmaydigan qilib qo‘ying. Yoki uydagilarga yordam berishim kerak, deb aytishingiz mumkin. Unda uydagilar bilan qaysi vaqtda dars qilishingizni va qaysi vaqtda ularga yordam berishingizni kelishib oling.
Xullas, kimdir chalg‘ishning ilojini yo‘q qilib, imtihonga zo‘r tayyorlanadi. Kimdir esa chalg‘ishning ilojini yo‘q qilishga erinib, o‘zi bilmasdan chalg‘ib qolaveradi. Oqibati nima bo‘lishini esa bilasizlar.
Avalboyev Suxrob