Xorijda ta’lim: Italiyaning Padua universiteti magistranti Sitora Salaeva hikoyasi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
U “Spot” bilan suhbatda nima uchun Italiyani tanlagani, o‘qishdagi qiyinchiliklar hamda Amerikadagi amaliyoti haqida batafsil so‘zlab berdi.
Foto: Sitora Salaevaning shaxsiy arxividan
Sitora Salaeva Toshkentda tug‘ilgan. Bakalavrni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Elektron tijorat” yo‘nalishi bo‘yicha, magistraturani esa mazkur universitetning “Kompyuter injeniring fakultetida o‘qigan”.
2019-yili “TechWomen” dasturi doirasida AQShda amaliyot o‘tagan.
2020-yili Italiyaning “Padua International Excellence Scholarship” grantini qo‘lga kiritgan.
Hozir ikkinchi magistratura darajasi uchun Padua universitetining “Kiberxavfsizlik” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda.
Nima uchun Italiya
Italiyaga sayohat qilishni va u yerda o‘qishni doim orzu qilganman.
Shuning uchun ham birinchi navbatda bu mamlakatda o‘qish imkoniyatlarini izlashni boshlaganman. O‘qishga topshirganda grant haqida o‘ylamaganman ham.
Italiyani tanlashimning yana bir sababi — boshqa Yevropa davlatlari yoki Amerikaga qaraganda ta’lim pulining hamyonbopligi.
Bundan tashqari, ta’lim sifati va men o‘qimoqchi bo‘layotgan yo‘nalish bo‘yicha magistratura dasturi borligiga e’tibor qaratganman.
2020-yili “Kiberxavfsizlik” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura uchun Italiyaga hujjat topshirganimda faqat Padua universitetidan menga kerakli dasturni topganman.
Baxtimga bu dastur ingliz tilida bo‘lgan. O‘sha yili “Kiberxavfsizlik” yo‘nalishiga qabul ilk marotaba e’lon qilinib, dastlabki talabalarini qabul qilish jarayoni boshlangandi.
Shunday qilib, hujjatlarimni oxirgi daqiqalarda topshirishga ulgurganman.
Italiya ta’lim tizimining afzallik va kamchiliklari
Italiyada o‘qishning salbiy tomonlariga qaraganda ijobiy tomonlari ko‘p deb o‘ylayman.
Birinchidan, oliy ta’lim olish narxining arzon ekanligi. Agar kam ta’minlangan oila yoki ularning o‘rtacha yillik daromadi belgilangan miqdordan kam bo‘lsa, o‘qish puliga katta chegirma taqdim qilinadi yoki butunlay bepul o‘qish imkoniyati beriladi.
Ikkinchidan, ta’lim sifati. Universitetda xalqaro va Yevropa standartlari asosida ta’lim beriladi.
O‘qish dasturlari har doim zamon talablariga qarab yangilanadi va talabalarga karyerasini muvaffaqiyatli boshlashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.
Uchinchidan, Italiyaning ayrim universitetlariga o‘qishga kirish oson. Agar barcha hujjatlarni to‘g‘ri topshirsangiz va minimal talablarga javob bersangiz o‘qishga qabul qilinishingiz mumkin.
Foto: Sitora Salaevaning shaxsiy arxividan
To‘rtinchidan, akademik ozodlik falsafasi. Bu yerda talaba qaysi fanlarni o‘qishini, qachon qaysi imtihonlarni topshirishini va hattoki qachon universitetni bitirishini o‘zi hal qiladi.
Barchasi talabaning o‘ziga berilgan. Eng asosiysi, imtihonlarni bir necha marotaba topshirish mumkin.
Agar imtihon bahosidan ko‘nglingiz to‘lmasa, o‘sha imtihonni o‘zingiz xohlagan bahoni olguningizga qadar tegishli muddatlar doirasida topshirishingiz mumkin.
Beshinchidan, o‘qishingizni siz xohlagan davlatda “Erasmus” yoki boshqa shu kabi xalqaro dasturlar bo‘yicha davom ettirishingiz mumkin.
Masalan, magistraturaning ikkinchi yilini boshqa Yevropa davlatida o‘qish mumkin va oylik stipendiya ham beriladi. Yoki “Erasmus+” bo‘yicha Yevropaning boshqa davlatlarida amaliyot o‘tash imkoni mavjud. Bu dastur ham oylik stipendiyani o‘z ichiga oladi.
Bu yerda o‘qishning salbiy tarafi emas, balki qiyinchiligi bor, deb aytishim mumkin. Ya’ni qiyinchiliklardan biri — bu byurokratiya.
Birinchi kelganda, tushunarsiz va qiyin bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin vaqti o‘tib bu byurokratiyaning sabablarini tushinishni boshlaysiz.
O‘qishga kirish oson bo‘lgani bilan o‘qish juda qiyin. Ko‘pincha talabalar universitetni vaqtida tamomlay olmaydi.
Masalan, ikki yillik magistraturani 2 yilda emas 3−3,5 yilda tugatish mumkin va buning uchun hech kim sizga hech nima demaydi.
Bu yerda o‘qishni vaqtida bitirganlarni daho deb bilishadi. Chunki o‘qishni tamomlash — bu juda katta baxt va faxr.
Akademik ozodlik va imtihonlarni ko‘p marta topshirish imkoni bo‘lgani bilan, imtihonlardan hattoki minimal ball bilan o‘tish ham oson emas.
Agar fanni yaxshi tushunmasangiz imtihondan o‘tish juda qiyin, yiqilish esa juda oson.
Top-3 likka kirgan universitet
Men tahsil olayotgan universitet Italiyaning juda bejirim va chiroyli Padua shahrida joylashgan.
Bu shahar 800 yildan beri talabalar shahri bo‘lib kelgan. Juda xavfsiz, o‘qish va yashash uchun qulay shahar.
1222-yilda Boloniya universitetining talaba va professorlar guruhi akademik erkinlik izlab universitetni tark etishadi va Padua universitetiga asos solishadi.
Birinchi o‘qitiladigan fanlar huquq va ilohiyot bo‘lgan. Universitet shiori “Universa universis patavina libertas” — bu “Padua erkinligi hamma uchun universaldir” degan ma’noni beradi.
Padua Italiyaning ikkinchi va dunyo bo‘yicha beshinchi eng qadimgi universitetlaridan biri hisoblanadi.
“QS World Ranking” bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 250 ta universitetlari qatoriga kiradi.
Shuningdek, Italiyaning Top-3 ta eng yaxshi universitetlaridan biridir.
Amerikadagi amaliyot
2019-yilda “TechWomen” dasturi bo‘yicha AQShda malaka oshirish bo‘yicha to‘liq grantni qo‘lga kiritgandim.
Dastur haqida unda ishtirok etgan qizlardan eshitganman. Bu dastur AQSh davlat departamentining Ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha byurosi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, STEM sohalaridagi yetakchi ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Foto: Sitora Salaevaning shaxsiy arxividan
“TechWomen” dasturi yo‘l xarajatlaridan tortib, Amerikadagi besh haftalik yashash xarajatlarini qoplab beradi.
Dastur AQSHning San-Fransisko va Vashington DC shaharlarida 5 hafta davom etadigan shaxsiy rivojlanish dasturlari hamda Silikon vodiysidagi yetakchi kompaniyalar ekspertlari bilan malaka oshirish hamda mentorlik loyihasida ishtirok etish imkonini beradi.
Dastur davomida Silikon vodiysi ekspertlari bilan uchrashish, ularning tajribasi, ishlash sharoitlari haqida suhbatlashish hamda maslahatlarini olish imkoniyati bo‘lgan.
Masalan menda “Google”, “Visa”, “Autodesk”, “Twitch” kabi kompaniyalar ekspertlari bilan uchrashuvda qatnashish imkoni bo‘lgan.
Shuningdek, “TechWomen” dasturida Amerikaning eng yirik banklaridan biri bo‘lgan “Wells Fargo” bankida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
U yerda R&D (research and development) guruhi bilan ishladim va bu guruh bank xizmatlarini innovatsion g‘oyalar orqali yaxshilash uchun loyihalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Men ularning “mijozlarni identifikatsiya qilish menejmenti” loyihasida qatnashdim.
Dastur davomida nafaqat malaka oshirish, treninglarda qatnashish, balki Amerika madaniyati bo‘yicha har xil tadbirlar, kichik sayohatlar tashkillashtirilgan.
Universitet granti va talablari
Padua universiteti xorijiy talabalar uchun akademik, kasbiy yutuqlariga yoki oilaning moliyaviy ahvoliga qarab turli grantlar taqdim etadi.
“Regione Veneto” stipendiyalari Veneto viloyatining grant dasturi hisoblanadi.
Mazkur grantning maqsadi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilingan talabalarning moliyaviy imkoniyatlaridan qat’i nazar, ta’lim olish uchun teng sharoitlarni ta’minlashdan iborat.
Grant oilaviy daromadi belgilangan miqdordan past bo‘lgan har bir talabaga beriladi va miqdori oilaning daromadi va boshqa shartlarga qarab o‘zgaradi.
Masalan, chet ellik talabalar uchun yiliga 7000 yevrogacha taqdim etiladi.
Grant o‘z ichiga o‘qish to‘lovi, turar joy, universitet oshxonalarida bepul yoki kamaytirilgan tarzda ovqatlanish kabilarni oladi.
Mazkur stipendiyani olish uchun oilaning moliyaviy ahvoli, mol-mulk haqida kerakli hujjatlarni topshirish zarur bo‘ladi.
Foto: Sitora Salaevaning shaxsiy arxividan
Bundan tashqari, har bir fakultet o‘z navbatida chet ellik talabalar uchun cheklangan miqdordagi grantlarni taqdim etadi va grant miqdori ham fakultetga qarab o‘zgaradi.
Masalan, men tahsil olayotgan “Kiberxavfsizlik” dasturi uchun atigi ikkita grant mavjud va uning miqdori har bir o‘quv yili uchun 5530 yevroni tashkil etadi.
Chet ellik talabalar uchun yana bir grant — “Padua International Excellence Scholarship” mavjud. Grant miqdori yiliga 8000 yevroni tashkil etadi va o‘qish xarajatlarini ham qoplaydi.
Bu grand faqatgina bakalavr yoki magistratura bo‘yicha ingliz tilida o‘qitiladigan yo‘nalishlarga 53 ta joy ajratadi.
Ikkala grandga ham nomzodlar tanlov asosida tanlab olinadi. Bunda ularning oldingi o‘quv bosqichidagi yuqori akademik ko‘rsatkichlari, tavsiya etilgan ta’lim sohasidagi talablarga to‘g‘ri kelishi va olgan akademik sifati inobatga olinadi.
Qanday qilib ariza topshirish mumkin
O‘qishga kirish uchun ariza topshirish jarayoni juda oson.
Magistratura uchun notarial tarjima qilingan bakalavr diplomi, rezyume, motivatsion xat va IELTS sertifikatini topshirish kerak.
Italiya universitetlarida ariza qabul qilish davrlari har xil. Universitetda ikki xil dasturga ariza topshirish mumkin: cheklangan va cheksiz joylar soni bo‘yicha.
Cheksiz joyli dasturlar uchun qabul yil davomida va belgilangan muddatlar bo‘yicha bo‘ladi.
Cheklangan joyli dasturlar uchun esa qabul muddati 7-yanvardan 7-martgacha.
O‘qishga qabul qilingan talabalar kundalik hayotda foydalanish uchun italyan tilini bazaviy bilishlari kerak deb o‘ylayman.
Universitet qabul qilingan talabalar uchun boshlang‘ich italyan tili kursini bepul taqdim etadi.
Viza olish jarayoni
Talabalar uchun viza olish jarayoni boshqa viza turlariga qaraganda farqlanadi. Universitetdan o‘qishga qabul qilinganlik haqida xatni olgandan keyin, viza uchun Italiyaning Toshkentdagi elchixonasiga murojaat qilish kerak.
Elchixona uchun kerakli hujjatlar:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar;
- moliyaviy holatni tasdiqlovchi hujjatlar;
- sug‘urta.
- aviachipta bron qilinganligi haqida ma’lumot;
- 1 ta rasm;
- Italiyaga borgandan keyin turadigan joyi haqida ma’lumot
- universitetning qabul xati;
- ingliz tili sertifikati;
- ish joyidan ma’lumotlar.
Foto: Sitora Salaevaning shaxsiy arxividan
Yashash xarajatlari
Italiyada ikkita sug‘urtani olish mumkin: davlat va xususiy.
Xususiy tibbiy sug‘urta xarajatlari sug‘urta kompaniyasi va tariflariga qarab belgilanadi.
Lekin talaba uchun milliy tibbiy sug‘urtani olgan yaxshi, buning uchun yiliga 150 yevro atrofida to‘lov qilish kerak.
Yashash xarajati kvartiraning joylashgan manzili hamda sharoitlariga bog‘liq.
Ijara narxlari o‘rtacha 270−300 yevrodan boshlanadi. Oziq-ovqat va boshqa xarajatlar uchun o‘rtacha 100−150 yevro ketadi va bu har bir odamni o‘ziga bog‘liq.
Italiyada talabalar haftasiga 20 soat ishlashlariga ruxsat berilgan. Mehnat haqqi mintaqa va sohaga qarab o‘zgaradi va soatlik ish haqi o‘rtacha 7 yevro atrofida.