Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Kam ta’minlangan yoshlar uchun yangi grant va xorijda o‘qish imkoniyati

26-may 18:21
Kam ta’minlangan yoshlar uchun yangi grant va xorijda o‘qish imkoniyati

Kambag‘al oilalar farzandlari uchun grant va xorijda o‘qish imkoniyati yaratilmoqda

2024-yil 14-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li ta’lim ekani ta’kidlandi.

Ushbu maqsadda O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga oliy ta’lim olishda quyidagi yengilliklar joriy etiladi:

  • Qo‘shimcha grant ajratiladi

  • Kontrakt to‘lovining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi

  • Foizsiz ta’lim krediti taklif etiladi

Mazkur yondashuv orqali har bir kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

“Yorqin iste’dod” loyihasi: Xorijda o‘qish imkoniyati

Yana bir muhim tashabbus sifatida “Yorqin iste’dod” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu dastur:

  • Mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni aniqlash

  • Ularning bilim va iqtidorini baholash

  • Salohiyatiga mos xorijiy oliygohni tanlash

  • Tayyorlov kurslari orqali xorijga o‘qishga yuborish

Har yili 1 ming nafar iqtidorli yosh dunyoning TOP-100 oliy ta’lim muassasalarida o‘qish va yashash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ularning barcha xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Tashabbus doirasida xorijda tahsil olib qaytganlar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va ular tanlovsiz tarzda davlat tashkilotlariga ishga qabul qilinadi.

Bugungi kunda 1,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalar dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda. Prezident bu holatni “O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan voqelik” deb baholadi. Yangi loyihalar esa bu raqamlarni yanada oshirishga xizmat qiladi.