Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi

“Motivation Letter” yoki “Essay”ni qanday yozish kerak?

23-iyun 14:53
“Motivation Letter” yoki “Essay”ni qanday yozish kerak?

Bilasiz, AQShda yoki dunyoning boshqa istalgan davlatida o‘qish uchun hujjat topshirsangiz, hujjatlar bilan birga insho ham talab qilinadi. Bu insholar, odatda, “motivation letter”, “statement of purpose” yoki “cover letter” kabi nomlar bilan ataladi.

Nomning ahamiyati yo‘q. Ularning hammasi bir maqsadni, ya’ni sizning kimligingizni, bu oliygohda o‘qishdan maqsadlaringizni aniqlashga qaratilgan bo‘ladi.

“Motivation letter” nega kerak?

O‘zi bunaqa yozma ishning nima keragi bor, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Shu bois, avvalo, bu talab nega muhimligini aniqlab olamiz.

Aytaylik, qabul uchun bitta o‘ringa 10 ta odam da’vogarlik qilmoqda. Hammasining maktab yoki bakalavr paytida olgan baholari a’lo darajada; IELTS/TOEFL natijalari ham bir xil. Ulardan qaysi birini qabul qilish kerak?

Mana shunday holatda sizning yozgan insholaringiz qo‘l keladi. Chunki 10 ta odam bir xil mavzuda insho yozsa, 10 xil yozishi aniq. Ular orasidan qaysi biri yaxshi yozgani, inson sifatida, talaba sifatida, bo‘lajak mutaxassis sifatida qaysi biri aqlliroq, maqsadlari aniqroq ekanini mana shu 1-2 varaq yozgan xatiga qarab bilib olish mumkin. Shuning uchun ham insholar xorijdagi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda muhim o‘lchov mezonlaridan biri hisoblanadi.

Insho yozishda e’tibor berish bo‘lgan muhim jihatlar

Insholar uchun, odatda, juda qisqa hajm belgilanadi. 1000 ta yoki 500 ta so‘zdan oshmasin, degan talablar bo‘ladi va shu talablarga rioya qilish kerak.

Inshoni ravon va bexato yozish muhim bo‘lsa-da, sizga insho yozdirishdan asosiy maqsad ingliz tilida qanday yozishingizni tekshirish emas. Zotan, bu narsa uchun TOEFl/IELTS imtihonlarida yozma ish topshirgansiz.

Alohida insho yozishdan maqsad - sizning inson sifatida o‘ziga xosligingizni, oliy o‘quv yurtidagi o‘qish muhitiga qanday hissa qo‘sha olishingizni, sizga beriladigan imknoyatdan qanday unumli foydalanishingizni tekshirish. Demak, insho orqali mana shu jihatlaringizni ochib berishingiz kerak.

Qisqa, lo‘nda va aniq yozing. Yozganingizni tekshiradigan odamlar bir kunda yuzlab, balki minglab insholarni o‘qiydi. Shu bois ular ko‘z yugurtirayotganda “yarq” etib diqqatini tortadigan narsa bo‘lishi kerak. Umumiy gaplardan qoching. “Maqsadim AQShda o‘qish va yurtimga qaytib vatanim ravnaqiga hissa qo‘shish”, deb yozish xato emas, lekin juda oddiy va umumiy gap. Bu gapdan sizning boshqalardan farqli jihatingizni aniqlab bo‘lmaydi.

Mavzuni shaxsiylashtiring. Ya’ni, odamga ta’sir qiladigan biror shaxsiy voqeadan boshlang. Sizning bilim olishingizga, o‘qishingizga turtki bergan, hayotingizni o‘zgartirib yuborgan biror voqeani qisqacha hikoya qiling. Amerikaliklar “personal story”larni yaxshi ko‘radi.

Mavzuga kirish, asosiy “point”lar va xulosa bo‘lsin. Masalan, nima uchun bu universitetda yoki shu sohada o‘qimoqchisiz, degan savolga javob berayotgan bo‘lsangiz, dastlab bu savolga umumiy kirish orqali 1-2 ta gapdan iborat javob yozing. So‘ng shuni qo‘llab-quvvatlovchi kamida 2-3 ta aniq sabablarni yoki misollarni keltiring. Yoki inshoni to‘g‘ridan to‘g‘ri shaxsiy hikoya, boshingizdan o‘tgan qaysidir voqeadan boshlab, yozish davomida shu hikoyani rivojlantirib borib, nega shu sohada o‘qishga ahd qilganingizga bog‘lab keting.

Rezyumeda (CV) kelgan ma’lumotni qayta yozmang. Balki uni to‘ldiradigan yoki rezyumedagi muvaffaqiyatni tushuntirib beradigan ma’lumotlarni tilga oling.

Yetakchilik salohiyatingizni ko‘rsating. Amerikaliklar liderlarni yaxshi ko‘radi. Siz bakalavr yoki magistraturaga hujjat topshirayotgan yosh yigit yoki qiz bo‘lishingiz mumkin; shu bois sizdan olamshumul muvaffaqiyat yoki yetakchilikni talab qilishmaydi. Maktabda yoki universitetda sinf yetakchisi bo‘lgandirsiz, qaysidir sport jamoasini boshqargandirsiz; shu kabi muvaffaqiyatlaringizni eslatishni unutmang. Darsdan tashqari ishlar (extracurricular activities), volontyorlik kabi faoliyat turlari Amerikada qattiq qadrlanadi. Qaysidir sport turi bilan shug‘ullanarsiz; musiqa to‘garagiga borarsiz; yoki qaysidir tanlovda g‘olib chiqqandirsiz, bularni tilga olishdan uyalmang va bu ishlar siz o‘qimoqchi bo‘lgan sohaga aloqador bo‘lishi shart emas. G‘arbda o‘z sohasidan tashqarida bo‘lgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanadiganlar hurmat qilinadi. Masalan, axborot texnologiyalari sohasiga hujjat topshirsangiz, boks bo‘yicha shahar championi ekaningiz yoki pianino chalish sevimli mashg‘ulotingiz ekani siz uchun faqat plyus hisoblanadi. Bularni, albatta, eslatish kerak. Ya’ni bir-biridan farqli bir necha faoliyat turida muvaffaqiyat qozonishni kamdan-kam odam eplaydi. Sizda shunday jihat bo‘lsa, bu sizning yutug‘ingiz.

Yozganingizni qayta o‘qing. Insho yozishni hujjat topshirishning so‘nggi kunigacha qoldirmang. Yaxshi “essay” yozish uzoq vaqt oladi. Yozganingizni 2-3 kun o‘tib qayta o‘qing. Shunda uni yaxshilash bo‘yicha yangi fikrlar keladi. Yanada yaxshiroq qilish imkoniyati tug‘iladi.

Fikr olish va tuzatish uchun yozganingizni boshqalarga ko‘rsating. Do‘stingiz yoki ustozingiz xatolarni tuzatishi, yanada yaxshilash uchun qo‘shimcha fikr berishi mumkin. Ammo inshoni boshqa odamga to‘liq yozdirish yoki qayta yozish darajasida tahrir qildirish to‘g‘ri emas. Fikr va asosiy matn sizniki bo‘lishi kerak.

Xulosa. Sodda tilda yozing. Murakkab jumlalar va uzun gaplardan iborat matn yozish sizni aqlliroq ko‘rsatib qo‘ymaydi. Muhimi – uslubiy va grammatik xatolardan xoli va mazmuni o‘ziga xos, boy bo‘lsin.

Yuqorida yozganimdek, “Motivation letter”dan maqsad ravon yoza olishingizni ko‘rsatish emas, balki sizning boshqalardan afzal jihatingizni ochib berishdir.

Behzod Mamadiev maqolasi