Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Chet el universitetlariga kirish uchun ishni nimadan boshlash kerak?

21.04.2022 12:05
Chet el universitetlariga kirish uchun ishni nimadan boshlash kerak?

Chet el universitetlariga hujjat topshirish jarayoni qo‘rqinchli va qiyin ko‘rinishi mumkin, chunki bu jarayon mahalliy universitetlarga kirishdan farq qiladi. Qo‘shimcha imtihonlar topshirish, barcha hujjatlarni tarjima qildirish va tasdiqlatish, universitetlarga va stipendiyalarga ariza topshirish kerak bo‘ladi. Biz siz uchun foydali qo‘llanma tayyorladik, unda chet el universitetlariga muvaffaqiyatli o‘qishga kirish uchun qadamlarni ketma-ket belgilab berdik.
1-qadam - Imkoniyatlarni o‘rganish.
Avvalo, umuman olganda qanday imkoniyatlar mavjudligini tushunishingiz kerak. Buning uchun jadval yaratish va u yerda izlanishingizning barcha natijalarini yozib borish samaralidir.

1. Qaysi mamlakatlarda o‘qishni xohlayotganingizni o‘ylab ko‘ring.
-Qaysi mamlakatlarda yashashni va aynan qayerda o‘qishni xohlayotganingizni o‘ylab ko‘ring;
-Ta’lim nuqtai nazaridan qaysi davlatlar istiqbolli deb hisoblanishini bilib oling;
-Turli mamlakatlardagi ta’lim narxini ko‘rib chiqing, imkoniyatlaringiz bilan solishtiring. Agar ta’lim juda qimmat bo‘lsa, bu oxiri emas, siz stipendiyalar mavjud yoki yo‘qligiga ham e’tibor berishingiz kerak bo‘ladi;
-Tanlagan mamlakatingizda yashash narxiga ham e’tibor bering;
-O‘qishni tugatgandan so‘ng mamlakatda qolish imkoniyatlarini ko‘rib chiqing.
Xulosa: Imkoniyatlaringiz va istaklaringizdan kelib chiqib, bormoqchi bo‘lgan bir nechta mamlakatlarni tanlang. Ro‘yxatda obyektiv ravishda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan va siz kirishni istagan mamlakatlar bo‘lishi kerak.

2. Qaysi sohani o‘rganmoqchi ekaningizni o‘ylab ko‘ring.
Ehtimol, bu bir necha yo‘nalish bo‘lar, ehtimol siz bakalavr darajasidan keyin mutaxassisligingizni o‘zgartirishni yoki ikkinchi ma’lumot olishni xohlarsiz. Qanday bo‘lmasin, siz mutaxassislik haqida qaror qabul qilishingiz kerak, buning uchun quyidagi fikrlarga e’tibor bering.

-O‘zingizga yoqqan sohalarni ko‘zdan kechiring;
-O‘zingiz aniqlagan mamlakatlarda qanday mutaxassisliklar istiqbolli ekanini bilib oling;
-Mehnat bozorida qaysi mutaxassisliklar talabgir ekanini bilib oling;
-Siz uchun nima eng mos kelishini aniqlang.
Xulosa: o‘rganmoqchi bo‘lgan bir nechta sohalarni tanlang.

3. Qaysi universitetlar siz tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassisliklar taklif qilishini ko‘ring.
-Siz tanlagan hududlar va mamlakatlardagi dunyodagi eng yaxshi universitetlarning QS reytingiga qarang;
-O‘zingizga yoqqan dasturlarni jadvalga qo‘shing;
-Sizga yoqqan dastur o‘qitiladigan universitetni tekshiring: u yaxshi obro‘ga ega taniqli universitet bo‘lishi kerak!
Xulosa: o‘zingizga yoqqan dasturlarni tanlang. Ushbu bosqichda ularning soni juda ko‘p bo‘lishi mumkin. Ularning barchasi jadvalga kiritilishi yoki ro‘yxatda yozilishi kerak.

2-qadam - Dasturlarni tanlash.
Endi siz ariza topshiradigan mamlakatlar va dasturlarni tanlashingiz lozim.

-Universitet veb-saytida sizga yoqqan har bir dastur uchun talablarni ko‘rib chiqing. Bu yerda siz o‘zingizning imkoniyatlaringiz va universitet talablarini inobatga olishingiz kerak. Qo‘shimcha testlar topshirishga yoki o‘z mamlakatingizdagi universitetda bir yilni tamomlashga tayyormisiz, o‘ylab ko‘ring;
-Dasturlarning batafsil tavsifini o‘qing. Mavzular ro‘yxati, qo‘shimcha imkoniyatlar, sizga ushbu o‘rganish formati yoqadimi yoki yo‘qligini hal qiling;
-Ariza berish narxini bilib oling. Bu narx har xil, lekin ba’zida har bir dastur uchun deyarli 100 dollargacha boradi;
-O‘quv to‘lovlari va stipendiyalarga e’tibor bering.
Xulosa: sizda ariza topshiradigan dasturlar va universitetlar ro‘yxati bo‘lishi lozim.

3-qadam - Stipendiyalar.
O‘quv to‘lovini to‘lay olmaydigan dasturlaringiz uchun stipendiyalar kerak bo‘ladi. Qidiruvni qanchalik tez boshlasangiz, shuncha yaxshi, chunki tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqtingiz bo‘ladi. Biroq, qoida tariqasida, rejalashtirilgan o‘qish boshlanishidan 6-12 oy oldin moliyalashtirish uchun ariza berish kerak.

Qanday qilib mos stipendiya topish mumkin?
-Universitetlar veb-saytida.
-DAAD, CampusFrance, Fullbright va boshqalar kabi davlat stipendiyalari veb-saytlarida.

Talablar.
Ushbu bosqichda qaysi stipendiyalar sizning talablaringizga mos kelishini tushunishingiz kerak. Nomzodlardan ko‘pincha nima kutiladi?

-Akademik ko‘rsatkich. Umumiy qoida sifatida, nomzodlar yaxshi yoki a’lo baholarga ega bo‘lishlari kutiladi, shuning uchun sertifikat yoki diplomning o‘rtacha bahosi qanchalik yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshi.
-Millat. Ko‘pincha stipendiyalar ma’lum mamlakatlardan kelgan talabalar uchun maxsus ajratiladi, masalan, boshqa rivojlangan mamlakatlar fuqarolari ariza bera olmaydigan uchinchi dunyo mamlakatlari uchun ko‘plab stipendiyalar mavjud.
-Boshqa yutuqlar. Shartlarda aytilmagan bo‘lsa-da, har qanday stipendiya uchun bonus bo‘ladi. Bu ko‘ngillilik, maktab yoki universitetda o‘z loyihangizni yaratish, amaliyot yoki tadqiqot bo‘lishi mumkin.
-Deyarli barcha stipendiyalar uchun motivatsiya xati talab qilinadi. Motivatsiya xatini qanday yozish kerakligi haqidagi savolga alohida e’tibor qaratish lozim, chunki ko‘p jihatdan moliyalashtirish to‘g‘risidagi qaror siz qanday va nima yozganingizga va qanday taassurot qoldirganingizga bog‘liq bo‘ladi.
Xulosa: sizda moliyalashtirish va talablarga mos keladigan mamlakatlardagi stipendiyalar ro‘yxati mavjud bo‘lishi zarur.

Umid qilamizki, ushbu material siz uchun foydali bo‘ldi va endi chet elga ariza topshirishning dastlabki qadamlari unchalik murakkab va chalkash ko‘rinmaydi. Omad!

Maqola StudyQA manbasidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi.