Imtihonlarga qayerda tayyorlangan yaxshi: uydami yoki repetitordami?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Hozir uyda tayyorlanish bilan repetitorga borib tayyorlanishning ustun tomonlarini va kamchiliklarini solishtirib, qaysi biri yaxshiroq ekanligini aniqlaymiz.
Repetitorga borib tayyorlanishning ustun tomoni: — xatolaringizni ko‘rsatib turadigan, to‘g‘ri yo‘lni aytib turadigan ustoz bo‘ladi.
Repetitorga borib tayyorlanishning kamchiliklari:
- ko‘pchilik o‘quv markazlariga o‘qishga kirib ketishingiz qiziq emas, ularga ko‘proq pul topish qiziq;
- vaqt ko‘p ketib qoladi. Dars boshlanishidan avval guruhdagi hammaning uy ishi tekshirib chiqiladi. Siz tushungan bo‘lsangiz ham kimdir tushunmasa, ustoz yana qaytadan tushuntirib beradi. Yana shunga o‘xshagan mayda narsalar vaqtingizni oladi. Agar 3 oy haftada 4 marta 2 soatdan repetitorga borsangiz, 104 soatdan kamida 26 soati (1 kun) sizga foyda bermaydigan narsalarga ketib qoladi;
- yo‘lga ko‘p vaqt ketadi. Borishingizga yarim soat, qaytishingizga yarim soat ketganda ham 3 oy haftada 4 marta repetitorga borsangiz, 52 soatingiz (2 kuningiz) yo‘lga ketadi;— uyga keladigan individual o‘qituvchilar qimmat. Ba’zi guruhda o‘tiladigan repetitorlar ham qimmat;— sizga yoqmaydigan usullarda ustoz dars o‘tishi mumkin;
- ba’zi ustozlar faqatgina mavzuni o‘tib beradi, ma’lumotlarni eslab qolishni, testlarni yechishni baribir uyda qilasiz.
Uyda tayyorlanishning ustun tomonlari:
- vaqt tejaladi. 3 oy repetitorga borganingizdan behuda ketib qolgan 78 soatni (26+52) yangi narsalarni o‘rganishga ketkazishingiz mumkin. O‘zi 1 oy haftada 4 marta 2 soatdan repetitorga borsangiz, sizga ustoz 32-40 soat dars o‘tadi;
- pul tejaladi. Uyda tayyorlanganingiz uchun hech kimga pul to‘lamaysiz;
- o‘zingizga yoqqan usullarda, o‘zingizga yoqqan kitoblar orqali imtihonga tayyorlanasiz;
- internetdan tekinga repetitordan ham osonroq qilib tushuntirib bergan videolarni topishingiz mumkin.
Uyda tayyorlanishning kamchiliklari:
- xatolaringizni ko‘rsatib turadigan, to‘g‘ri yo‘lni aytib turadigan ustoz yo‘qligi. Lekin bu muammoni har xil testlar, mashqlar, kitoblar orqali hal qilsangiz bo‘ladi, ular ham ustoz, faqat yozma shakldagi. Ham tayyorlanayotgan faningizni yaxshi biladigan odamlardan xatolaringizni ko‘rib berishlarini iltimos qilsangiz, tekinga yordam berishadi.
Men uyda tayyorlanishni yaxshiroq deb bilaman. Uyda tayyorlanganim uchun ham maksimal 189 ball olganman. Men imtihonga 4 oy qolganidagina tayyorlanishni boshlaganman. Agar o‘quv markazlariga borganimda imtihonga tayyorlanishga umuman ulgurmasdim. Uyda tayyorlanib, ham vaqt tejaganman, ham pul tejaganman, ham o‘zimga yoqqan usulda imtihonlarga tayyorlanganman. Ko‘rib turganingizdek, uyda tayyorlanishning ustun tomonlari ko‘proq.
Suxrob Avalboyev