Xodim o‘qishini yashirganda ish haqi qaytariladimi?

Ish haqi ortiqcha to‘langan bo‘lsa, qaytarilishi mumkinmi?
Davlat ishxonasida to‘liq stavkada ishlayotgan xodim magistraturaga o‘qishga kirib, bu haqda rahbariyatni ogohlantirmagan bo‘lsa, uning ortiqcha to‘langan ish haqi qaytarilishi mumkinmi? Bu savolga Mehnat kodeksining 279-moddasi asosida javob beramiz.
Mehnat kodeksining 279-moddasiga ko‘ra:
-
Ixtiyoriy yoki noto‘g‘ri qo‘llangan qonun asosida to‘langan ortiqcha ish haqi qaytarib olinmaydi, agar bu holat hisob-kitobdagi xato tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, bundan mustasno.
-
Xodim yolg‘on ma’lumot bergan yoki soxta hujjat taqdim qilgan bo‘lsa, uning ortiqcha olgan ish haqi sud qarori yoki hukmi asosida qaytariladi.
Savoldagi holat qanday baholanadi?
Bu holat mehnat kodeksining birinchi bandiga kirmaydi, chunki bunda na hisob-kitob xatosi bor, na qonunni noto‘g‘ri qo‘llash mavjud. Aksincha, xodim o‘zining oliy ta’lim muassasasidagi o‘qishini yashirgani sababli yolg‘on ma’lumot bergan bo‘lishi mumkin.
Shunday ekan, ortiqcha to‘langan ish haqi sud qarori yoki hukmi asosida undirilishi mumkin. Shuningdek, boshqa xodimlarning ham aybdorlik darajasi aniqlanishi va ularning intizomiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.