Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari tasdiqlandi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlarining hududlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi. Jarayon haqida asosiy ma’lumotlar
Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 2000 ta davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining hududlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 111;
- Andijon viloyati – 183;
- Buxoro viloyati – 112;
- Jizzax viloyati – 81;
- Qashqadaryo viloyati – 193;
- Navoiy viloyati – 60;
- Namangan viloyati – 165;
- Samarqand viloyati – 227;
- Surxondaryo viloyati – 155;
- Sirdaryo viloyati – 50;
- Toshkent viloyati – 177;
- Farg‘ona viloyati – 221;
- Xorazm viloyati – 110;
- Toshkent shahri – 155.
O‘tgan yillardagi kabi 3 ta sohaga alohida kvota ajratilgan:
- Aniq va tabiiy fanlar
- Texnika fanlari
- Tibbiyot fanlari
Mana shu uchta sohadan ortib qolgan kvotalar esa, umumiy boshqa barcha sohalar uchun bo‘ladi.
Davlat granti asosida o‘qishga kirish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma kimlarga beriladi?
- Kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori (980 ming so‘m)ning 0,527 baravaridan (516 ming so‘mdan) ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi.
- To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar.
- Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar.
- Nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
- Ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari.
- Ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma muddati qancha?
5 yil stajga ega xotin-qizlar uchun 500 ta kvotaga tavsiyanoma 3 yilga, ehtiyojmand xotin-qizlar uchun 2 mingta kvotaga tavsiyanoma esa 1 yilga beriladi. Shundan kelib chiqib, o‘tgan yili ehtiyojmand xotin-qiz sifatida tavsiyanoma olganlar yana qayta ariza yuborishlari kerak.
Tavsiyanomaga ega boʻlganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har yili 15-iyulga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining abituriyentlar bazasiga kiritiladi.
Bir kishi ikkala turdagi tavsiyanomani ham olsa boʻladimi?
Belgilangan nizom shartlariga to‘g‘ri kelsa, bir kishi ham 5 yil stajga ega, ham ehtiyojmand xotin-qizlarga beriladigan tavsiyanomani olishi mumkin.
Tavsiyanomalar abituriyentlar tanlagan barcha ta’lim yoʻnalishlari uchun amal qiladimi?
Tavsiyanoma ajratilgan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand xotin-qizlar roʻyxatdan oʻtishida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi yoʻnalishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tavsiyanomaga ega boʻlganlar uchun imtihon topshirish tartibi qanday?
Kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish boʻyicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Tavsiyanoma asosida kimlar qo‘shimcha grantga qabul qilinadi?
Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan tavsiyanomaga ega boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.