Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha Startap loyihalar tanlovi

30.10.2021 23:01
Yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha Startap loyihalar tanlovi

Muddati:

15.10.2021

Davlat:

O‘zbekiston

Rasmiy havola:

mininnovation.uz

Grant turi:

Tanlovlar

Umumiy Ma’lumotlar:

Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 133-son Qarori bilan tasdiqlangan “Startap loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida” Nizom 7-bandiga muvofiq respublika miqyosida yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha startap loyihalar tanlovini e’lon qiladi.

Startap loyihalarni qabul qilishda qo‘yiladigan shartlar:

  • Arizalar 1 noyabrdan 15 noyabrgacha qabul qilinadi;
  • 1 ta ishtirokchi 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi;
  • Startap loyihalar asosida tayyor mahsulot, dasturiy mahsulot, xizmatlar va texnologiyalar yaratishning eng ko‘p muddati 2 yildan oshmasligi lozim;
  • Startap loyiha tashabbuskori – startap loyiha asoschilaridan bo‘lishi (kompaniya bo‘lgan taqdirda asosiy ulushdorlardan bo‘lishi).

Startap loyihalari tanlovini o‘tkazish shartlari:

  • Tanlovda ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamdagi barcha yo‘nalishdagi istiqbolli startap-loyihalarni yaratish va amalga oshirishga qaratilgan arizalar qabul qilinadi. Ular innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslanishi shart.
  • Arizalarni yuridik va jismoniy shaxslar taqdim etishi mumkin.
  • Loyihani amalga oshirish bo‘yicha ustuvor sohalar sifatida quyidagilar belgilanadi:
  • Mis sanoati;
  • Uzumchilik;
  • Ipakchilik va jun sanoati;
  • Biotexnologiya va tibbiyot;
  • Qayta tiklanuvchi energetika;
  • Qishloq xo‘jaligi;
  • Axborot texnologiyalari.

Loyihaga baho berishda quyidagilar hisobga olinadi:

  • Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qo‘llanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk ob’ekti mavjud bo‘lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat turini yaratishni ko‘zda tutadi;
  • Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;
  • Ilmiy-texnik hujjatlarning jamlanmasi – sinov dalolatnomalari, mahsulot namunasining mavjudligi (patent, ko‘zda tutiladigan mahsulot (texnologiya)ning texnik reglamenti bo‘lishi ma’qullanadi);
  • Loyihaning mutaxassislar bilan ta’minlanish, ilmiy-texnik
    va ishlab chiqarish imkoniyatlari – jamoaning malakali mutaxassislardan shakllantirilganligi, kerakli asbob-uskunalar va ilmiy ob’ektlar infratuzilmalarining mavjudligi;
  • Loyihaning investitsion jozibadorligi bu – qo‘shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag‘lar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion
    va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, o‘zini o‘zi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;
  • Loyihaning o‘zini o‘zi qoplashi (muddat);
  • Loyihani moliyaviy rejalashtirish – Loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligidir;
  • Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va h.k.
  • Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import o‘rnini bosuvchi
    va eksportga yo‘naltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov g‘oliblari borasidagi qarori qat’iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar startup@mininnovation.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinadi.

Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari pdf shaklida elektron pochtaga yuborilishi lozim:

  • Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza;
  • Startap loyiha pasporti;
  • Xarajatlar smetasi (.xls/.xlsx);
  • Startap loyiha biznes matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda, .pdf
    va .doc/.docx);
  • Startap loyiha taqdimoti (10 slayd ) va planshet shaklida loyiha mazmuni to‘liq yoritilganligi (5 daqiqadan oshmaydigan video shaklida tayyorlangan ma’lumotlar ma’qullanadi);

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek startap loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

  • Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi!

Quyidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:

  • Startap loyiha mazmunan innovatsion xususiyatga ega emasligi;
  • Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;
  • Startap loyihada taqdim etilgan muammoning yechimi mavjud emasligi;
  • Tanlovga taqdim etilgan startap loyihalar avvalgi tanlovlarda g‘olib bo‘lmaganligi;
  • Oylik ish haqi loyiha qiymatining umumiy miqdori beshdan bir qismidan ortiq bo‘lsa;
  • Startap-loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘ni binolarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-qurilish ishlariga, shuningdek avtotransport vositalarini xarid qilishga sarflansa.

Taqdim etilgan startap loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi
va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Tanlov natijalari bo‘yicha barcha yangiliklar bilan Vazirlik sayti orqali tanishish mumkin.

Startap loyihalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: 998-71-203-32-23 (ichki raqam: 216)

Credits: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi.