Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Toshkent viloyatida TATUning filiali tashkil etiladi

13.11.2020 20:44
Toshkent viloyatida TATUning filiali tashkil etiladi

2021-2022 o‘quv yilidan Toshkent viloyatida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiali ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga muvofiq, respublika tuman (shahar)larida mavjud umumta’lim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Shunga ko‘ra, joriy yilda mazkur yo‘nalishda 14 ta tayanch maktab, 2021-2023 yillarda esa respublika bo‘yicha jami 205 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi belgilangan.

2020/2021 o‘quv yildan:

• maktablarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fani “Bir million dasturchi” loyihasiga oid o‘quv dasturlari bilan integratsiya qilinadi;

• mazkur loyiha doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan maktablarning 100 nafar eng yaxshi “Informatika va axborot texnologiyalari” fani o‘qituvchilarini har yili BHMning 20 baravari miqdorida bir martalik mukofotlash tizimi joriy qilinadi.

2021 yil 1 martga qadar ushbu fan o‘qituvchilarini sertifikatlash milliy tizimi joriy qilinadi.

2021 yil 1 sentyabrdan raqamli ko‘nikmalarni egallash darajasi bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktablarning ushbu fan o‘qituvchilariga BHMning 50 foizi miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.

2021/2022 o‘quv yilidan Toshkent viloyatida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali tashkil etiladi.