«AQShda o‘qimaydigan talaba pul va vaqtdan yutqazadi» - 3 mln dollar grant yutgan o‘zbek talabasi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Dunyoning TOP universitetlariga kirib, tahsil olayotgan o‘zbek talabalari qatorida namanganlik Javohir G‘aniboyev ham bor. Hozir u Florida shtatidagi universitetda o‘qimoqda. Intervyusida u xorijiy oliygohga kirish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligi, hujjatlarni to‘plash jarayoni hamda AQShda chetdan kelgan talabalar uchun qanday sharoit yaratilishi haqida so‘zlab berdi.
Video Player
Javohir 17 yoshida IELs va SAT imtihonlaridan yuqori ball yig‘ib, AQSh, Yevropa hamda Shveytsariyadagi jami 50 ta OTMga kirishga muvaffaq bo‘lgan va 3 mln dollarlik grant yutgan. Ayni vaqtda Janubiy Florida universitetining «Computer Science» yo‘nalishida 1-bosqichda tahsil olmoqda. Javohirning aytishicha, u gigant IT kompaniyalar: Google yoki Metaʼda dasturchi sifatida faoliyat yuritishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.
«Yoz oylarida IELs imtihonini, bir oycha vaqtdan so‘ng SAT imtihonini topshirdim. 11-sinfimning oktabr oyidan fevral oyigacha bo‘lgan vaqtda Amerika va Yevropaning 70 ta universitetiga hujjat topshirdim va 50 tasiga qabul qilindim. Ijtimoiy tarmoqlarda 40 ta deb yozishdi, lekin unday emas. Umumiy miqdorda 3 mln dollar grant yutdim, ular orasida to‘liq shaklda grant bergan oliygohlar ham bor. Shular orasidan Janubiy Florida universitetini tanladim. Bu oliygoh juda tez rivojlanyapti. Topshirgan paytimda reytingda 300-o‘rinda edi, hozir esa kuchli 100 talikdan joy olgan.
Bu universitet menga 24 ming dollar grant taklif qilgan. Olgan grantlarimning ichida eng kami bo‘lishiga qaramasdan, shu universitetni tanlaganman. Chunki bu oliygoh IT sohasi bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi. Yiliga 6 ming dollar grant ajratiladi, uncha katta summa emas. Bundan tashqari, universitetimizning yana boshqa grantlariga ham topshirdim. Injiniring bo‘limimizda «external scholarship»lar ham bor, shunda ko‘proq grantlar berishadi, hozir shular uchun hujjatlarimni topshirganman.
Javohir G‘aniboyev
Eng yuqori grantim Nyu-Yorkdagi Ithaca college’dan bo‘lgan. Bu universitet «full tuition» grantini taqdim qilgan. Amerika universitetlarida 2 xil grant turi mavjud. Bular: «full tuition» va «fulbright scholarship» hisoblanadi.
«Fulbright scholarship» universitet kontrakti, yotoqxonasi, yeb-ichish xarajatlarini qoplaydi. «Full tuition» esa faqatgina kontrakt summasi uchun bo‘ladi. Mana shu «full tuition» grantini Ithaca college taqdim qilgandi, yiliga 45 ming dollar bo‘lardi. Tanlamaganimga sabab AQShda kollej va universitet bir xil mavqeda bo‘lgani bilan, universitet katta hisoblanadi, kollejlar esa kichikroq bo‘ladi. Hozirda o‘qiyotgan universitetimda 200 ta soha bor, 6 ming 400 metr kvadrat maydonga ega. Juda katta hududni egallagan. Ithaca college esa kichikroq, buning ustiga mening sohamda yuqori reytingga ega emas.
Bilsangiz, universitetning kattaligi uning qiymatini bildiradi. Ya’ni bu bilan siz unda qancha ko‘p sohaga o‘qitilishini hamda talabalarga qanchalik ko‘p sharoit yaratilganini bilib olasiz».
— AQShdagi universitetlarga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan yoshlar ishni nimadan boshlashi kerak?
— Birinchi o‘rinda IELs yoki Duolingo sertifikatini olish kerak. IELsʼda 6,5 balldan, Duolingoʼda esa 120 balldan yuqorisini olish kerak bo‘ladi. Undan keyin nima? Agarda siz SATʼga kech qolgan bo‘lsangiz, shunda ham o‘qishga topshirish mumkin. Lekin bu TOP universitetlarga topshirish imkoniyatini bermaydi.
Keyin kerak bo‘ladigani narsa bu – maktab baholari bo‘ladi. Baholar ko‘rsatilgan hujjatni ingliz tiliga tarjima qilib, maktab direktoriga olib borasiz. Bu qog‘ozni direktor kerakli manzilga yuborishi kerak bo‘ladi.
Undan keyin «personal statement» yoziladi. «Personal statement» o‘zingiz haqingizdagi insho hisoblanadi, bunda 650 ta so‘z bilan kandidat o‘zini reklama qilishi kerak. Qanday yozish kishining o‘ziga bog‘liq. Bundan tashqari, jarayonda maktabda nima mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanganligi haqida ham ma’lumot beriladi. Ya’ni abituriyent yillar davomida faqat maktab bilan chegaralanib qolmagan bo‘lishi kerak. Maktabdan tashqari, kimgadir yordam berganmi yoki nimanidir o‘rgatganmi, klublar ochganmi? Bu narsalar ham katta ahamiyatga ega. Chunki siz nimadir bilan band bo‘lgan bo‘lishingiz kerak. Bular bajarildi, profil tayyor bo‘lgach, universitetga yuborish mumkin.
Keyin «recommendation letters», ya’ni tavsiyanomalar so‘raladi. Tavsiyanoma xatlari maktab direktori va o‘qituvchilar tomonidan yoziladi. Bizda ko‘pchilik o‘qituvchilar ingliz tilini yaxshi bilmagani uchun tavsiyanomani o‘zbek tilida yozib berishadi. Abituriyentning o‘zi tarjima qilib olishi kerak bo‘ladi. Men ham o‘zim tarjima qilib olganman.
Bakalavr yo‘nalishi uchun Common app ilovasi orqali topshiriladi. O‘sha yerga kerakli ma’lumotlar kiritiladi. Common app — eng mashhur ilovalardan biri. Bu platforma orqali faqat 20 tagacha universitetga hujjat topshirish mumkin. Profilni to‘ldirib, hujjatlarni yuklaganingizdan keyin hammasi bitta bo‘lib 20 ta oliygohga jo‘natiladi.
Xo‘sh, agar siz bundan ham ko‘proq OTMga topshirmoqchi bo‘lsangiz-chi? Buning uchun yana bir ilova bor – Coalition app. Buni ko‘pchilik o‘zbek yoshlari bilmaydi. Ushbu ilovada ham ma’lumotlar xuddi yuqorida aytilgandek to‘ldiriladi. Bu ikki ilovaning ustun tomonidan biri bepul ekanida. Odatda AQSh universitetlariga topshirish uchun 50 dollardan 200 dollargacha pul to‘lanadi. Bu ilovalar orqali siz kamida 1000 dollarni tejab qolasiz.
Bundan tashqari, universitetlarning o‘z saytlari bor. O‘shalar orqali ham hujjat topshirish mumkin. O‘zim ham shu yo‘l bilan topshirganman. Bunda ham bepul bo‘lgan. Chunki maktab direktoriga universitetlardan xat kelardi, ya’ni kandidatning moliyaviy holati haqida xabar berilsa, bepul topshirish imkoniyati yaratiladi.
— O‘zbek talabalar AQShda qanday yashab, o‘qishadi? OTM bunda qandaydir sharoitlar yaratib beradimi? Shular haqida ham gapirib bersangiz.
— Hujjatlarni to‘g‘rilab, vizalarni olganingizdan so‘ng bir oy oldin kelish imkoniyatingiz bo‘ladi. Bu yerda o‘qishlar avgust oyida boshlanadi. Men ham bir oy oldin kelib, Floridada emas, Chikagoda yashaganman, aylanganman. Chunki Uchqo‘rg‘onlik akalarimiz o‘sha yerda edi.
Bu yerda har xil tashkilotlar bor, ular talabalarning Amerikada yaxshi hayot kechirishi, universitetda yaxshi o‘qishiga yordam berib turadi. Masalan, «International student service» qanday ahvolda ekaningizni so‘rab turadi. Bundan tashqari «darslarda qiyinchilik bo‘lmayaptimi, qaysi fanlardan qiynalyapsan», deb so‘rab turiladi. Bu jarayon uchun alohida kadrlar ajratilgan. Ya’ni talaba qiynalayotgan fani bo‘yicha o‘qishdan tashqari bepul to‘garakka ham taklif qilinadi. Bu juda ham katta foydali tomonlaridan biri hisoblanadi. Talaba harakat qilsa, hech qachon ortda qolib ketmaydi.
Masalan, men dasturchi bo‘lmoqchiman. Matematika va fizika fanlarini mukammal tarzda o‘rganishim kerak bo‘ladi. Fizika darsiga qo‘shib fizika laboratoriya darslari ham beriladi. Ya’ni kerak bo‘lgan barcha fanlar mukammal tarzda o‘qitiladi. Yana eng yaxshi tomonlaridan biri: qaysi binoda dars bo‘lishidan tortib, qaysi professor qachon dars o‘tishigacha o‘zingiz tanlashingiz mumkin bo‘ladi. Birinchi kursligimdan bunday imkoniyat berishgan, lekin bu menda qandaydir noqulayliklar tug‘dirgan, chunki universitet haqida hech narsani bilmasdim. Bunga ham alohida kadrlarni, maslahatchilarni yo‘naltirib, bizga barchasini tushuntirib berishgan. Hatto talabalarning ishlari, o‘qishi ko‘payib ketib, stressga tushib qolgan bo‘lsa, shunga ham psixologlarni biriktirib, ular bilan individual ishlashadi. Bu talabaga judayam katta yordam beradi.
Bundan tashqari, universitetimizda tibbiyot juda rivojlangan. Shu yerning o‘zida saraton kasalliklarini davolovchi shifoxona bor. Talabalar chiqib, bemalol amaliy jihatlarini ham o‘rganishi mumkin. Umuman olganda, universitetda hamma imkoniyat bor, uni bir kichik shaharcha deb olsa ham bo‘ladi.
— Hozir o‘zingiz qayerda yashayapsiz?
— Har bir universitetga xalqaro talabalar kelgach, ularga yashash uchun joy va yeb-ichishi uchun ovqat kerak bo‘ladi. Amerika oliygohlarining o‘z siyosati, talablari bor. Ba’zi universitetlar: «yo‘q, talabalar universitetdan tashqarida emas, o‘zimizning yotoqxonada yashaydi», deydi. Ba’zilari esa: «Xohlasa yotoqxonada, xohlasa tashqarida yashayversin», deydi. Bizning universitet yashashimiz, nima qilishimizda ham erkinlik bergan. Xohishga ko‘ra, universitetdan tashqarida yoki ichkarida turish mumkin. Floridada universitetdan tashqarida turish nisbatan arzon bo‘lgani uchun shuni tanlaganmiz. Universitetdan uyga velosipedda boramiz, 5 daqiqalik masofada turamiz. Barcha kerakli narsalar yaqinimizda joylashgan. Yashash joyimizning atrofida do‘konlar ham bor. Juda qulay hudud.
Shuningdek, Amerikada yana bir eng zo‘r jihati shundaki, sizning qanday o‘qishingiz, darslarni qilasizmi yoki yo‘q, hech kimga qiziq emas. Agar yaxshi o‘qimasangiz pulingizga kuyib qolaverasiz, shuning uchun hamma yaxshi o‘qishga harakat qiladi. Ya’ni darsga bir marta bormasangiz, uyga vazifalarni bajarmasangiz, buni hech kim so‘ramaydi ham. Bu narsalar faqat talabaning zarariga ishlaydi. Professorlar hech narsa demaydi, «nima sababdan kelmading?» deb ham so‘ramaydi. Oxirida imtihondan o‘tolmasangiz, yana qayta o‘qishga to‘g‘ri keladi. Bu yerda esa bitta dars 2 ming dollar atrofida turadi. Eng muhimi vaqt, bu jarayonda vaqtdan yutqazish mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.Tasvirchi Asror Almurodov.