Ayrim bitiruvchilarning «falonta universitetga falon ming dollar grant yutib o‘qishga qabul qilinishi» - aslida «islohotlar samarasi» emas
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
E’tibor berganmisiz, ta’lim vazirligi va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rasmiy kanallarida «falon maktab o‘quvchisi (bitiruvchisi) falonta universitetga qabul qilindi, falon ming dollar grant sohibi bo‘ldi» degan xabarlar ko‘p chiqadi. Vazirlik shu bilan «sohadagi islohotlar samarasi»ni ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek go‘yo. Bunday xabarlar chiroyli jaranglashi mumkin, biroq nazardan qochirmaslik kerak bo‘lgan jihatlar bor:
1. Xorijda (xususan, inglizzabon maktablarda) o‘qishga kirish oson, ayniqsa chet elliklarga (o‘z davlati fuqarosi bo‘lmaganlarga). Sababi - universitetlar ko‘proq xorijiy talabalarni o‘qishga jalb etishdan manfaatdor (masalan, xalqaro reytinglarning baholash mezonlaridan biri - chet ellik talabalar ulushi). Shuning uchun ham aksar hollarda o‘qishga kirish uchun til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (IELTS, TOEFL) bo‘lsa yetarli.
2. «Falon ming dollar grant yutdi» degani unga shuncha pulni universitet beradi, degani emas. Ko‘p universitetlar xorijiy talabalarni jalb qilish uchun turli chegirmalar taklif qilishadi, buning uchun o‘quvchining maktabdagi o‘rtacha baholari yaxshi bo‘lishi, darsdan tashqari tadbirlarda faolligini ko‘rsatuvchi faxriy yorliqlari bo‘lishi kerak. O‘sha «falon ming dollar grant» deyilgani odatda o‘quvchiga taqdim etilayotgan chegirmalar miqdorini bildiradi. Tabiiyki, o‘quvchi shu universitetlardan faqat bittasini tanlaydi va chegirmani ham faqat bittasidan oladi.
3. Aniq maqsadi bo‘lgan o‘quvchi odatda o‘nlab, yuzlab universitetlarga hujjat topshirmaydi. Xorijda universitetlar akademik mustaqil, ya’ni bir yo‘nalish bo‘yicha o‘quv dasturi bir-biridan farq qilishi mumkin. Aniq maqsadi bor o‘quvchi universitetlar taklif qilayotgan ta’lim dasturlarini o‘rganib, o‘z qiziqishlariga mosini tanlaydi, shuningdek, universitet obro‘siga, kimlar dars berishiga e’tibor beradi. O‘nlab yoki yuzlab universitetlarga «qabul qilinish», nazarimda, o‘quvchining favqulodda iqtidorini emas, aniq maqsadi yo‘qligini ko‘rsatadi.
4. Ba’zan vazirlik sahifalarida «muddatidan oldin o‘qishga qabul qilindi» mazmunidagi maqtovni ko‘rish mumkin. Maktabni bitirmagan o‘quvchini hech qaysi universitet o‘qishga qabul qilmaydi. O‘quvchi til sertifikati bo‘lsa, hujjatlarini universitetga onlayn yuborib qo‘yishi mumkin va universitet odatda «shartli qabul qilinganligi» haqida, ya’ni o‘quvchi maktabni bitirganligi haqidagi hujjatni taqdim qilgandan keyin o‘qishni boshlashi mumkinligi haqida xabar yuboradi.
Shunday ekan, «falonta universitetga falon ming dollar grant yutib o‘qishga qabul qilinish» - aslida «islohotlar samarasi» emas, shunchaki xorijda universitetlarning chet ellik talabalarni qabul qilish tizimi shunday ishlaydi.
©Комил Жалилов