Grant yutish strategiyalari, grantlarga ariza topshirish uchun kerakli hujjatlar va ularning ahamiyati
Grant turi:
Bakalavriatura, Magistratura
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Hozir bizga eng ko‘p yo‘llanayotgan savollarning ayrimlariga javob berib chiqishga harakat qilamiz.
- Qanday grantlar bor?
- Grantlar turlari juda ham ko‘p. Jumladan, hukumat grantlari va universitet tomonidan tashkil etilgan maxsus grantlar bugungi kunda eng ko‘p tarqalgan grantlar hisoblanadi. Hukumat grantlari qolgan grantlarga qaraganda manfaatli tomonlari ko‘proq, ya’ni hukumat grantlari to‘liq moliyalashtiriladi. Hukumat grantini qo‘lga kiritganlar ko‘pincha:
-
- o‘qish kontrakt to‘lovidan ozod etiladi;
- safar, sug‘urta va viza xarajatlari qoplab beriladi;
- oylik stipendiya bilan ta’minlanadi;
- ba’zi hollarda, bepul turar joy va oziq-ovqat bilan ham ta’minlanishadi.
Hukumat grantlariga quyidagilarni misol qilib keltirishimiz mumkin:
- Chevening UK Government Scholarship - Buyuk Britaniyada magistratura bosqichini bepul o‘qish imkoniyati, barcha xarajatlar to‘liq moliyalashtiriladi. Hozirda ushbu grant uchun qabul davom etmoqa. Batafsil shu link orqali bilib olishingiz mumkin.
- DAAD scholarships - Germaniyada magistratura yoki PhD uchun o‘qish yoki til o‘rganish uchun maxsus grantlar tashkil etgan. DAAD grant dasturi ham to‘liq moliyalashtiriladi, oylik stipendiya ham beriladi. Quyida DAAD tashkilotining grantlari haqida bilib olishingiz mumkin:
- DAAD scholarships: Germaniyada magistratura va doktoranturada to‘liq grant asosida o‘qish imkoniyati. Ushbu dastur uchun ham hozirda qabul davom etmoqda va har yili 29-oktyabrgacha arizalar qabul qilinadi. Ariza topshirish shartlari haqida shu link orqali bilib olishingiz mumkin;
- DAAD summer course - nemis tilini bepul o‘rganmoqchi bo‘lgan talabalar uchun Germaniyada to‘liq moliyalashtiriluvchi yozgi til kurslari. Dastur haqida batafsil shu link orqali bilib olishingiz mumkin.
DAAD tashkilotining har ikkala granti bo‘yicha g‘olib bo‘lgan vatandoshimiz bilan suhbat qilganmiz. Suhbat davomida grant yutish uchun eng muhim omil nima ekanligini qahramonimiz o‘z tajriblaridan kelib chiqqan holda aytib o‘tganlar. Shu link orqali suhbatimizni o‘qib chiqishingiz mumkin.
- Erasmus Mundus - Barcha talabalar, o‘qituvchilar uchun Yevropada o‘qish, malaka oshirish uchun to‘liq moliyalashtiriladigan grant dasturi. Dasturning yo‘nalishlari juda keng. Imkoniyatlari ham shunga yarasha. Umuman olganda, bepul o‘qish uchun ajoyib imkoniyat;
- Fulbright Foreign Student Program - magistratura bosqichini AQSh universitetlarida davom ettirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalar uchun to‘liq moliyalashtiriluvchi grant dasturi hisoblanadi. Barcha xarajatlar hukumat tomonidan qoplab beriladi;
- UGRAD - bakalavr bosqichida o‘qiyotganlar uchun AQShda bir semestrlik o‘quv almashinuv dasturi. Til sertifikati talab etilmaydi. Barcha xarajatlar qoplanadi;
- FLEX - maktab yoki litsey/kollej o‘quvchilari uchun 1 yil davomida AQSHda yashash va o‘qish imkoniyati, barcha xarajatlar qoplanadi. Hozirda ushbu grant uchun ham qabul davom etmoqda. Shu link orqali batafsil bilib olishingiz mumkin;
Hukumat grantlarining boshqa turlari ko‘p. Imkoniyat va imtiyozlari ham anchagina. Shu bilan birga ushbu grantlarni yutish ham raqobat katta bo‘lani bois oson bo‘lmaydi. Tayyorgarlikni ertaroq boshlash tavsiya etiladi!
2. Grantlarni yutish uchun nimaga ahamiyat berish lozim?
Ushbu savol hozirgi kunda bizga eng ko‘p yuborilgan savollardan biri bo‘ldi. Garnt yutish uchun eng birinchi qiladigan ishingiz grant haqida batafsil tanishib chiqish. Qanday grantga ariza topshiryapsiz, uning talablari qanaqa, dastur uchun sizning yoshingiz, darajangiz, yo‘nalishingiz to‘g‘ri keladimi? Grantlar uchun doimiy so‘raladigan eng asosiy hujjatlar:
- CV - tarjimayi hol. Bu bizning o‘zbek tilidagi tarjimayi holdan ancha farq qiladi, odatda bir yoki bir yarim sahifadan iborat bo‘ladi. CV yozish haqida eng kerakli ma’lumotlarni shu link orqali o‘rganib chiqishingiz mumkin;
- Motivatsion xat - nega shu grantga ariza topshirayotganingiz sabablari batafsil berilgan ko‘pi bilan 2 sahifadan iborat insho. Motivatsion xatda asosan nomzod o‘zining bilimi, salohiyati va yetakchilik qobiliyatlarini ochib bera olishi, nega aynan shu yo‘nalishga topshirayotgani, tanlangan universitetga nima bera olishi va grant uchun aynan nega shu nomzod tanlab olinishi kerakligi bayon etilgan bo‘lishi kerak. MUHIM Ko‘plab grant yutganlar bilan suhbat qurganimizda, grant yutishda eng katta ahamiyatga ega bo‘lgan omil motivatsion xat ekanligini ta’kidlab o‘tishgan. Unda nomzodning maqsadlari, grant dasturdan olishi mumkin bo‘lgan foydalari, qolaversa, nomzodning kelajakdagi karyerasiga qanday manfaat keltirishi aniq va batafsil aks etgan bo‘ladi. Motivatsion xat yozishda umumiy ma’lumotdan ko‘ra aniq, detallar, faktlar bilan gapirish kerak. Chunki umumiy ma’lumot orqali nomzod darajasini aniqlab bo‘lmaydi. Aniq maqsad qo‘ying, qaysi sohadasiz, sohangizga grant dasturining aloqasi qanday, nega siz shu grantga qatnashmoqchisiz? Hammasini aniq detal bilan berib o‘ting;
- Tavsiyanoma - universitet yoki ish joyidan nomzodni yaxshi tomonlarini ifodalab beruvchi tavsiya xati. Grant yutishda tavsiyanomaning ham ahamiyati muhim, chunki unda nomzodning dastur uchun qay darajada mos ekanligini sezish mumkin. Shuning uchun ham motivatsion xat va tavsiyanoma tayyorlayotganda hech qachon boshqalarning ishini ko‘chirmang, plagiatga yo‘l qo‘ymang. Buni tekshiruvchi hay’at a’zolari sezishadi;
- Diplom/Baholar - Nomzodning akademik ko‘rsatkichini ifodalab beruvchi hujjat. Ba’zi hollarda baho qandaydir rol o‘ynashi mumkin. Deyarli barcha grant uchun ushbu hujjat so‘ralsa-da, grant yutishda baho juda muhim ahamiyatga ega emas. Baholari 90%, IELTS 8.0, lekin grant yuta olmagan talabalar oramizda ko‘p. Shuning uchun agar baholaringiz ko‘ngildagidek bo‘lmasa, hech ham ruhiyatni tushirmang, harakat qiling. Motivatsion xatingizda nega baholaringiz a’lo emasligini arzirli sabab bilan izohlab o‘tib ketsangiz, siz grantga qabul qilinishingiz mumkin. Bu degani o‘qimasam ham bo‘laveradi degani emas, albatta. Baholar qancha yaxshi bo‘lsa, yutish ehtimolingiz shuncha baland bo‘ladi.
- Til sertifikati - ko‘plab grantlar uchun talab etiladigan hujjat. Odatda ingliz tilidan IELTS kamida 6.0. TOEFL iBT 90 yoki boshqa ekvivalent daraja so‘raladi. Grant yutishda til bilish sertifikatining yuqori bo‘lishi deyarli rol o‘ynamaydi. Til sertifikati o‘sha universitetda ta’lim olish, berilayotgan bilimlarni tushinish uchun yetarli bo‘lsa, bo‘lgani. Shuning uchun IELTS dan 7.0 olgan nomzodlar 8+ olishga harakat qilgandan ko‘ra, maqsad va yo‘nalishlarini aniq qilib, yaxshi motivatsion xat yozishlari maqsadga muvofiq.
Grant yutish uchun SAT, GRE/GMAT sertifikatlari talab etilmasligi mumin. Lekin ulardan yuqori ball olish dasturga qabul qilinish uchun ustunlik beradi. Grant yurishda yana bir muhim omil bu nomzodning ijtimoiy jihatdan faol bo‘lishidir. Chunki hamma granlarning ortida jamiyat uchun foydali shaxs yetishtirish va o‘zaro aloqalrni yo‘lga qo‘yish yotadi.
Oligoh.uz ning sahifasiga kirganingizda bir jumlaga doim ko‘zingiz tushadi:
Oliy maqsad g‘alabaga yetaklaydi.
Shunday ekan, doim maqsadni to‘g‘ri qo‘ying va unga yetmaguncha harakatdan to‘xtamang! Barchaga omad!